Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan respublikadan naqd xorijiy valyutalarni noqonuniy ravishda olib chiqishga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarlik holati aniqlandi.

“G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti orqali piyoda harakatlanayotgan fuqaro P.A bojxona nazoratidan o‘tkazilganda uning egnidagi kiyimida deklaratsiyalanmagan va og‘zaki so‘rov paytida bojxona xodimlariga ma’lum qilinmagan 8550 $ borligi aniqlandi.

O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 000 $ga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Chet el fuqarolari esa O‘zbekistonga kirish chog‘ida olib kirgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqib ketishlari mumkin.

Belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun Markaziy bankning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi.