Prezident “Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ma’muriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvarga qadar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi joriy etiladi.

Tizim tashqi savdo bitimlariga doir barcha axborotlarni almashish, davlat bojxona xizmati, vakolatli organlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ruxsat etuvchi hujjatlarni rasmiylashtirishning bosqichlarini masofadan kuzatish va barcha uchun ochiq bo‘lgan elektron shakldagi ruxsat etuvchi hujjatlar reyestrlarini yuritishga to‘liq o‘tish kabi imkoniyatlarni yaratadi.

2019 yil 1 oktyabrgacha tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutadigan “Yo‘l xaritasi"ni tasdiqlanadi:

  • haddan ziyod ma’muriy to‘siqlar va davlat organlarining bir-birini takrorlovchi funksiyalarini bekor qilish;
  • resurslar cheklanganligi sharoitida davlat xarajatlarining erishilgan yoki kutilayotgan samaraga nisbatini inobatga olgan holda, xavf-xatarlarni boshqarishning to‘laqonli tizimini joriy etish;
  • “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini keng qo‘llash;
  • bojxona ko‘rigida tovarlar qadoqlarini buzib ochish holatlarini qisqartirish.

Shuningdek, qaror bilan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilaridan quyidagilarni talab qilish taqiqlandi:

  • karantin ostidagi mahsulotlarni eksport va import qilishda zararsizlantirish (fumigatsiya) dalolatnomasini;
  • eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda — o‘rov varag‘ini;
  • import qilinayotgan tovarlarga vakolatli organlar tomonidan ruxsat beruvchi hujjatlar va muvofiqlik sertifikatlarini berishda -O‘zbekiston bojxona hududiga kelganlik to‘g‘risida belgi qo‘yilgan tovarlarning kuzatuv hujjatlarini (tovar-transport yuk xati, invoys, hisob-faktura va boshqalar);
  • vakolatli organlar tomonidan beriladigan hujjatlarni olishda — ishonchnomalarni;
  • import tovarlariga muvofiqlik sertifikatini berishda — normativ hujjat nusxasi, sanitar-epidemiologik xulosa nusxasini;
  • vakolatli organlar tomonidan ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarni berishda — ishlab chiqaruvchi mamlakat to‘g‘risida sertifikatni;
  • 2020 yil 1 yanvardan boshlab tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida, shuningdek, import qilinadigan tovarlarga muvofiqlik sertifikatini berishda — xalqaro shartnomalarda maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirishni talab qiladigan hujjatlardan tashqari, vakolatli organlar tomonidan qog‘oz shaklida beriladigan ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarning asli va nusxalari.