Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi MCHJlardan birining nomiga Xitoydan keltirilgan, konditsionerlar uchun mo‘ljallangan havoni filtrlovchi uskunalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish davomida hujjatlarda mazkur tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasidagi kodi noto‘g‘ri ko‘rsatilgani aniqlandi.

Ushbu tovarlarni hujjatlarda biroz boshqacha nom bilan — quritish uchun mo‘ljallangan uskuna sifatida qayd etish orqali aksiz solig‘ini to‘lashdan qochishga urinishgan, xabar beradi Davlat bojxona qo’mitasi matbuot xizmati.

Modomiki, ushbu tovarlar hujjatlarda havoni filtrlovchi uskuna sifatida ko‘rsatilganida, amaldagi tartiblarga ko‘ra, tovarning bojxona qiymatidan 10% miqdorida aksiz solig‘i, ushbu holatda esa 12 mln. 800 ming so‘m bojxona to‘lovlari undirilishi lozim edi.

Mazkur holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan qo‘shimcha hisoblangan 12,8 mln. so‘mlik bojxona to‘lovlari o‘z vaqtida undirilishi ta’minlandi.