Baxtiyor Musinov 1995 yildan Samarqandda kolbasa ishlab chiqarishni rivojlantirib kelmoqda, 2018 yilda esa yarim fabrikatlar bozorini o‘zlashtirishga ahd qildi va “Кулинар” tez tayyorlanuvchi kechki taomlar brendini yo‘lga qo‘ydi. Yangi mahsulotni Toshkent bozoriga olib chiqishga qaror qildilar, negaki, bu yerda asosiy auditoriya — ishlovchi ayollardir.

Yangi brend qanday yo‘lga qo‘yilgani va rivoj topayotgani, QQS joriy etilganidan keyin biznesda qanday o‘zgarishlar yuz bergani to‘g‘risida Nishon Baxt ta’sischisi va rahbari Baxtiyor Musinov va savdo bo‘limi rahbari Alisher Mamadaliyev Spot’ga so‘zlab berdilar.

Tez tayyorlanuvchi kechki taomlarning maqsadli auditoriyasi Toshkentda

Baxtiyor Musinov o‘n yil go‘sht kombinatida ishladi, Ittifoq parchalanib ketgandan keyin tez orada esa o‘z biznesini ochishga qaror qildi — 1995 yili ishdan bo‘shadi va yig‘ib-tergan mablag‘larini kolbasa ishlab chiqarishga kiritdi. 2009 yilga borib tadbirkor yana bir korxona — Nishon Baxt’ni ochishga muvaffaq bo‘ldi, u halol mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirildi.

Baxtiyorga muzlatilgan va ishlatishga tayyor go‘shtli kechki taomlarni ishlab chiqarish g‘oyasini o‘g‘li berdi — u mazkur yo‘nalish yaxshi rivojlangan Avstraliyada yashar va o‘qir edi.

“Yarim tayyor fabrikatlar butun dunyoda — Rossiyada ham, G‘arbiy Yevropada ham ommalashib bormoqda, ular bu yerlarda xatto kolbasa kabi tayyor mahsulotni ham siqib chiqarmoqda”, — deydi Baxtiyor.

Kompaniyada “Кулинар” yangi brendining maqsadli xaridorlari ish kunidan keyin ovqat tayyorlashga ketadigan vaqtni tejashni istovchi ayollar bo‘ladi, degan fikrga keldilar, shuning uchun Toshkent shahri bozoriga e’tibor qaratdilar — zero, poytaxtda ish bilan band ayollar hududlardagiga qaraganda ancha ko‘p.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Minglab toshkentliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘roqlash tahmin to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi: aksariyat holatlarda ovqat tayyorlash garchi erkaklar bilan tengma-teng ishlasalar-da, ayollar zimmasida bo‘ladi.

Ishlab chiqarishni 2018 yilning kuzida yo‘lga qo‘ydilar — gril-kolbasalar, chuchvara, kotletlar va indeyka filesi, jami 19 turdagi mahsulot ishlab chiqara boshlandi, ularni turli usullar bilan tayyorlash mumkin. Bir necha oy retsepturani sinovdan o‘tkazdilar va jarayonni yo‘lga qo‘ydilar. Yil oxiriga kelib, mahsulot bozorga chiqarildi.

Ishlab chiqarishga 700 ming $

Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga ancha mablag‘ kiritishga to‘g‘ri keldi — 700 ming $dan ortiq mablag' kerak bo‘ldi, bu pullar taqsimlanmagan daromad hisobidan olindi.

Tez tayyorlanadigan kechki taomlar liniyasi uchun muzlatgich kamera va yarim tayyor fabrikat sexlarini jihozladilar. Jihoz-uskunalarni Avstriyaning Laska, Italiyaning LaMinerva kompaniyalari, shuningdek, Rossiya, Xitoy va Slovakiya korxonalaridan sotib oldilar.

Shuningdek, indeykani qayta ishlash uchun alohida sex barpo etish lozim edi — bu spetsifik liniya bo‘lib, u tovuqni qayta ishlashdan farq qiladi. Bu o‘rinda, hech bo‘lmasa, tovuqning vazni o‘rtacha bir kilogramm bo‘lsa, indeyka 10 kilogrammdan 18 kilogrammgacha bo‘lishini hisobga olishning o‘zi kifoya. “Кулинар"ning barcha mahsuloti 70%i indeykadan, qolgan 30% mol go‘shtidan ishlab chiqariladi. Tovuq go‘shti ham ishlatiladi, biroq, uning ulushi juda oz.

Foto: arxivdan

Indeyka yetkazib beruvchilarni Baxtiyor Qarshi va Samarqanddan topdi, ayni shu yerlarning o‘zida ular so‘yiladi. Keyin xom ashyo Samarqanddagi zavodga yetkazib beriladi, zavodda ularni osma romlar bilan liniyaga joylashtirishadi. Liniyada go‘sht suyakdan ajratiladi keyin separator orqali o‘tkazilib, qiymalanadi. Shundan so‘ng mahsulotga ziravorlar qo‘shiladi, marinadlanib, qadoqlanadi. Bu jarayonga ko‘p qo‘l mehnati zarur bo‘ladi, Nishon Baxt zavodida esa atigi 50 kishi ishlaydi.

Baxtiyor Musinovning aytishicha, indeykadan assortimentni rang-barang qilish va kengaytirishda, ya’ni ham yarim tayyor mahsulot, ham asosiy kolbasa ishlab chiqarishida foydalanishga qaror qildilar. To‘g‘ri, indeykadan kolbasa ishlab chiqarish tovuqqa qaraganda biroz qimmatga tushadi, texnologik guruh hali hamon maqbul retsepturani ishlash bilan mashg‘ul.

Ishlab chiqarish harajatlaridan tashqari marketing va ishni rivojlantirish sarf-harajatlari ham mavjud — ular ish boshlangan vaqtdan beri tahminan 700−800 mln so‘mni tashkil etadi. Savdo bo‘limi rahbari Alisher Mamadaliyev qayd etganidek, xaridorlar bilan kommunikatsiyaga e’tibor qaratish natijasi sifatida o‘tgan yilning oxirida sayt ishlab chiqildi, Telegram-bot, Facebook va Instagramda sahifalar tashkil qilindi. Klassik kanallardan ham foydalanilmoqda — tashqi reklama (Toshkent bo‘yicha 55 ta turli maydonlar) va TVda praym-taym hamda tonggi dasturlar vaqtidagi roliklar.

Alisher Mamadaliyev Nishon Baxt savdo bo‘limi rahbari. Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Savdo: 60% — chakana do‘konlar, 20% — restoranlar

Baxtiyor keng assortiment tufayli brendda raqobatchilar yo‘q, deb hisoblaydi, biroq, ayrim segmentlarda raqobat mavjud — chunki, bozorda boshqa ko‘plab chuchvara va kolbasa ishlab chiqaruvchilar bor. O‘tgan yil dekabr oyida bu ish boshlanganda muzlatilgan kechki taomlar Nishon Baxt barcha mahsulotlarining 1%ini tashkil qilardi, hozir bu ko‘rsatkich 5%gacha o‘sdi, savdo hajmi esa 14 barobar oshdi.

Mahsulot Makro va korzinka.uz kabi yirik tarmoqlarda bo‘lgani kabi kichik do‘konlarda ham sotiladi. Alisherning so‘zlariga qaraganda, riteyl, chakana savdoda hamkorlar izlashdagi asosiy qiyinchilik — mahsulot sifatli ekani va xaridorgir bo‘lishiga ishontirishdir. Buning uchun kompaniya marketingga katta e’tibor qaratadi — xabardorlik chakana savdo nuqtalari bilan samarali ishlashga yordam beradi.

Mahsulotlarni Samarqanddan Toshkentga yetkazib berish borasida muammo yo‘q — mahsulot refrijerator-yuk mashinalarida olib boriladi, poytaxtda ularni saqlash uchun muzlatkich kamerali baza mavjud. Har bir savdo nuqtasiga xaftasiga besh marta mahsulot kelib tushadi, dushanba va payshanba kunlari agentlar keladi va kerak bo‘lsa, qo‘shimcha mahsulotlar chiqarish uchun buyurtma qabul qiladi.

“Кулинар” o‘rta-yuqori narx segmentida ishlaydi, bir o‘ram 18 dan 89 ming so‘mgacha turadi. Bunda chakana nuqta 30%li ustama narx qo‘yadi, kompaniyaning marjasi esa 10−15%ni tashkil qiladi.

Yana bir hamkor segment — HoReCa: qishda jamoa muzokaralar bo‘yicha katta ish qildi va mart oyidan restoranlarga mahsulot yetkazib bera boshladi. Hozir barcha savdoning 20%i ular hissasiga to‘g‘ri keladi, yirik savdo tarmoqlari va kichik savdo do‘konlariga esa 30%. Eng xaridorgir mahsulotlar — kolbasa, chuchvara va file.

Foto: arxivdan

Onlayn-savdo ham rivojlanmoqda, biroq hozircha barcha savdo hajmining 20%ini egallaydi: onlayn-savdo yo‘lga qo‘yilgan yanvar oyida 10 kun mobaynida sayt va Telegram-bot orqali 77 ta buyurtma olindi, fevralda bu ko‘rsatkich 77 tani, mart oyida esa 150 tani tashkil qildi.

Mahsulotni yetkazib berish bilan uch kishi shug‘ullanadi, buyurtmalar bepul yetkazib beriladi, biroq buning uchun eng kam summa 80 ming so‘m etib belgilangan. Sinov tartibida ishlangan vaqtda buni maqbul yo‘l sifatida tanlangan. Onlayn-haridorlar o‘rtasidagi o‘rtacha chek esa 144 ming so‘mni tashkil qiladi.

Kompaniya tez tayyorlanadigan ovqatlar — yangi mahsulot ekaniga va poytaxtga qaraganda xaridorlar kamroq bo‘lishiga qaramay sekin-asta Samarqand bozorini ham o‘zlashtirmoqda:

“Bozor Toshkentdagidan juda farq qiladi, shahrimizda aholi bandligi darajasi ayniqsa ayollar o‘rtasida ancha past — axir bizda bu an’anaviy holat, ko‘p oilalarda ayollar ishlamaydi va uy yumushlari bilan shug‘ullanadi. Uy bekalarida esa bunday mahsulot kamroq qiziqish uyg‘otadi”.

Samarqandda mahsulot barcha yirik supermarketlarda — Farovon-uz, Germes Farovon Savdo, Registon. tarmoqlarida sotilmoqda. Bu yerda shuningdek, yangi xaridorlarni jalb etish uchun degustatsiyalar ham o‘tkazilmoqda. Restoranlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan — asosan indeykadan sharqona va kavkazcha kaboblar buyurtma beriladi. Mahsulotlarni yetkazib berish sohasi esa poytaxtdagi kabi rivojlanmagan, shuning uchun asosan jismoniy savdo rastalariga e’tibor qaratiladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

“QQSni 10%gacha kamaytirish lozim”

O‘tgan yil davomida Nishon Baxt 8,472 mlrd so‘mlik mahsulot sotdi, daromad esa 1,264 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu yilgi prognozni qilishga hali erta, chunki QQS joriy etilgani biznesga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha aniq emas. Korxonaning yangi brendi foydaga kirishi muddati ham shunga bog‘liq.

Baxtiyor Musinov QQS stavkasi qayta ko‘rib chiqilishiga umid qiladi — uning fikricha, agar stavka 10% bo‘lsa maqbul bo‘lgan bo‘lardi, agar hozirgi 20%lik daraja saqlanib qoladigan bo‘lsa, kompaniyalar aholining qimmatroq mahsulotlar sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan qismi uchun ishlashiga to‘g‘ri keladi.

“QQS joriy etilgandan keyin biz narxlarni 5−8% ko‘tardik, farqning qolgan qismini esa o‘zimizning daromadimiz hisobidan to‘ldiryapmiz — aks holda xaridorga ancha qimmatlik qiladi, bunga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Yanvar oyi hozircha biz „Кулинар“ bo‘yicha ham, kolbasa mahsulotlari borasida ham chiqimda ekanimizni ko‘rsatdi”.

Shu bilan birga tadbirkor yangi lineyka rivojlanish yo‘lining eng boshida ekanini ta’kidlaydi:

“Hozir biz birinchi qadamlarni qo‘yayapmiz va umid qilamanki, bu ishning uddasidan chiqamiz. Agar uddalasak, o‘shanda kelajakdagi ishlar haqida o‘ylashimiz mumkin bo‘ladi”.

Tadbirkor yarim tayyor mahsulotlar bozori O‘zbekistonda rivoj topishiga ishonadi, kompaniyaning o‘zi yangi yo‘nalishlarni, masalan, yaqin xorij, jumladan Qozog‘iston bozoriga eksport qilish uchun tovuqdan tayyorlangan pashtet ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot

Baxtiyor Musinov 1958 yil Samarqandda tug‘ilgan, 1986 yili Moskva go‘sht-sut sanoati texnologiyasi institutini “muhandis-texnolog” mutaxassisligi bo‘yicha tugallagan. 1981−1982 yillarda Chirchiq go‘sht kombinatida va 1983−1991 yillarda Samarqand go‘sht kombinatida ishlagan.