1 maydan O‘zbekistonda bir nechta yangiliklar joriy etiladi. Ular qatorida Humo kartalari chiqarila boshlanishi, biznes bir qator bojxona to‘lovlari imtiyozidan mahrum etilishi, bog’chalardagi yangi to’lov miqdorlari, sud boshqaruvchisi sohasidagi yangi qoidalar va boshqalar mavjud.
Humo kartalari chiqarila boshlanadi
Hozirda test rejimida Markaziy bank va tijorat banklari xodimlari uchun bir nechta kartalar chiqarildi. Ulardan aprel oyining oxiri may oyining boshlaridan boshlab foydalanish mumkin bo’ladi. Kartalarni qabul qiladigan 47 990 ta terminal o’rnatilgan.
Biznes bir qator bojxona to‘lovlari imtiyozidan mahrum etiladi
Yog‘och-payraxa plitalar va yog‘ochdan yasalgan shunga o‘xshash plitalar yoki qatron yoki boshqa organik bog‘lovchi moddalar shimdirilgan yoki shimdirilmagan boshqa yog‘ochsimon materiallarni olib kiruvchi yuridik shaxslar import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan edi. 1 maydan mazkur imtiyoz bekor qilinadi.
Bog’chalarda yangi to’lov miqdorlari joriy etiladi
Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining yangi miqdorlari 2019 yil 1 maydan joriy etiladi. Davlat bolalar bog‘chalarida ota-onalar bolalari uchun qancha miqdorda to‘lashlari muassasa joylashgan joy va uning ish rejimiga bog‘liq.
O’zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni legallashtirishning oxirgi muddati
Qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga, ya’ni o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi ushbu ob’yektga o‘z shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga e’tirof etiladi.
Sud boshqaruvchisi sohasidagi yangi qoidalar
Endilikda to‘rtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega bo’lgan va O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi a’zolari hisoblangan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlanadi. Abu Rayxon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabida sud boshqaruvchilarini tayyorlash kurslari ishga tushirildi.
Ayollarning mehnatiga nisbatan taqiq va cheklovlar bekor qilinadi
Xususan, ayrim soha va kasb-hunarlarda ayollarning mehnatidan foydalanishga chek qo’yish bekor qilinadi. Buning o’rniga, ularning sog’lig’iga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan sohalar ro’yxati tasdiqlanadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi va mas’ul kotibi oyligi oshiriladi
Fuqarolar yig‘inlari raislari va mas’ul kotiblari oylik ish haqi joriy yil 1 maydan 1,25 baravarga va 1 oktyabrdan 1,2 baravarga oshiriladi.