Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida turli sohalarda noqonuniy ravishda ishlayotgan 49 ming 610 nafar fuqaro jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi, xabar beradi Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Davlat soliq xizmati organlari tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga qaramasdan fuqarolarni noqonuniy ravishda ishga jalb qilish holatlari uchramoqda.

Jumladan, Sergeli tumani, Yangi Sergeli ko‘chasida faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish tadbirlarida 15 nafar fuqaro mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlayotgani aniqlandi.

Shuningdek, Mirobod tumani, Afrosiyob ko‘chasida joylashgan savdo do‘koni faoliyati o‘rganilganida, qog‘ozda boshqayu, amalda esa o‘zgacha holat ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ya’ni, xaridorlar bilan gavjum savdo do‘konida davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilgan hisobotlarda ko‘rsatilmagan 22 nafar fuqaro norasmiy ravishda ishlayotgani aniqlandi.