2019 yilning aprel oyida tovarlar va xizmatlarning iste`mol narxlari o`rtacha 0,9% ga ko`tarildi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-aprel oylari davomida iste`mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari 5,3%ga qimmatlashdi. 2018 yilning aprel oyiga nisbatan respublika iste`mol sektoridagi o`rtacha narxlar 13,7%ga oshdi.

Tovarlar oy davomida 1,0%, jumladan oziqovqat mahsulotlari 1,0%, nooziq-ovqat mahsulotlari 1,1%ga qimmatlashdi. Xizmatlar narxlari esa 0,6%ga oshdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

2019 yil boshidan ushbu guruh mahsulotlari narxi o`rtacha 7,4%ga qimmatlashdi. Yil davomida (2019 yil aprel oyi 2018 yilning aprel oyiga nisbatan) mazkur guruh mahsulotlari narxlari 16,0%ga ko`tarildi.

Oziq-ovqat mahsulotlaridan narxlarning o`sishi borasidagi yetakchilik so`nggi ikki oy davomida meva-sabzavot hamda sut mahsulotlari guruhiga tegishli bo`lib qolmoqda (narxlar mos ravishda 2,4% va 1,1%ga qimmatlashgan).

Umumiy hisobda, 2019 yilning yanvar-aprel oylari davomida narxlarning o`sishi bo`yicha yetakchi uchlikni meva-sabzovot (20,5%), sut mahsulotlari (9,3%) va umumiy ovqatlanish (8,8%) narxlari band etgan.

Xizmatlar va nooziqovqat mahsulotlar

Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida ushbu guruh mahsulotlari narxi 3,9%ga qimmatlashdi. 2018 yilning aprel oyiga nisbatan nooziq-ovqat mahsulotlarning yillik narxlar o`sishi 11,1%ni tashkil etgan.

Aprel oyida nooziq-ovqat mahsulotlar guruhlaridan birmuncha katta salmoq vaznga ega bo`lganlari orasida narxlarning asosiy qimmatlashishi tamaki mahsulotlari (5,0%), shaxsiy gigiyena tovarlari, mato va eshilgan iplar (2,1%) guruhlarida qayd etilgan.

Har bir tovarlar guruhining salmoq vaznlarini inobatga olgan holda narxlarning o`sishi va ularning umumiy INI ko`rsatkichiga ta`sir darajasi bo`yicha yetakchi o`rin kiyim-kechak mahsulotlariga tegishli bo`lib, narxlarning 0,9%ga qimmatlashishi umumiy INI o`sishiga 0,6 f.d.da ta`sir etgan.