Bojxona to‘lovlari bo‘yicha davlat byudjetiga 3,4 trln. so‘m undirildi.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan undirilgan bojxona to‘lovlari 936,7 mlrd. so‘mga yoki 37,6%ga oshdi.

Bu haqda 1 may kuni bo’lib o’tgan Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalarining majlislarida ma’lum qilindi.

Shuningdek, yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, chet el investitsiyalarini faol jalb qilish maqsadida bojxona to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 3,9 trln. so‘mga (yoki 1,5 barobarga) ortdi.

Shunga qaramay, ta’kidlanishicha, davlat byudjetiga undirilayotgan bojxona to‘lovlari miqdorini yanada oshirish masalasi dolzarbligicha qolmoqda.

Davlat bojxona qo’mitasi tovarlarning bojxona qiymatini avtomatik ravishda aniqlaydigan modulni joriy etish ustida ish olib bormoqda. Qo’mita yil oxirigacha tovarlarning bojxona qiymatini inson ishtirokisiz aniqlaydigan tizim ishlab chiqadi.

Ilgari Spot tadbirkorlar tomonidan 1,5 milliardlik bojxona imtiyozlari shaxsiy manfaatlari yo’lida ishlatib yuborilganligi haqida xabar bergan edi.