O‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanishda qo’llaniladigan javobgarlik kuchaytirildi.
Bu haqda O‘zbekistonning Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritrilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda keltirilgan.
Ilgari Ma’muriy javobgarlik kodeksining 177 moddasiga binoan o’zganing tovar belgisidan noqonuniy ravishda foydalanish — fuqarolarga EKIHning bir baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lgan.
Kiritilgan o’zgartirishlarga binoan o’zganing tovar va xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish — EKIHning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, EKIHning 10 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.