“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi Qonun ma’qullandi. Qonun 2019 yil 1 iyuldan e’tiboran kuchga kirishi belgilanmoqda.

Yanvar oyida prezident farmoniga binoan 2019 yil 1 iyuldan yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruhsat berilgan edi. Fevral oyida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Qonunga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Qonunga ko‘ra, yer uchastkalarini xususiylashtirish doimiy foydalanish yoki umrbod meros qilib qoldiriladigan egalik huquqi bilan berilgan yer uchastkalarini sotib olish va ularni elektron onlayn-auksion orqali sotish tarzida amalga oshiriladi.

Yer uchastkalarini O‘zbekiston fuqarolari va rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar xususiylashtirishi mumkin. Shuningdek, Qonun bilan xususiylashtirish mumkin bo‘lmagan yer uchastkalari turlari ham belgilab berilmoqda.