10 maydan O‘zbekistondan eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlari to‘g‘risida Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy sayti orqali interaktiv ma’lumotlar taqdim etish yo’lga qo’yildi, xabar beradi qo’mita matbuot xizmati.

Endilikda tadbirkorlar havola orqali respublikaning qaysi hududidan, qaysi turdagi transport vositasida qaysi mamlakatlarga qancha miqdorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinganini real vaqt oralig‘ida onlayn tarzida kuzatib borishlari mumkin.

Ushbu ma’lumotlar tadbirkorlarga eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot mahsulotlarining turlari, hajmlari va yetishtirish hududlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish va tahlil qilish orqali kelgusidagi faoliyatlarini rejalashtirish imkonini beradi.

Ilgari Spot Chegara-bojxona postlarida chiqish yo‘nalishida navbatda turgan yengil va yuk avtotransport vositalari va avtobuslar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Davlat bojxona qo‘mitasi veb-saytidagi onlayn tablodan bilish imkoniyati joriy qilingani haqida xabar bergan edi.