AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda xalq ta’limi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish, xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ingliz tilini o‘qitishni rivojlantirish uchun 19,5 million $ (165 milliard so‘m) miqdorida grant taqdim etish haqida qaror qabul qildi.

Mazkur ma’lumot AQSh hukumatining veb-saytida e’lon qilindi, xabar beradi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Ushbu mablag‘lar maktab boshqaruviga, o‘quv qo‘llanmalarni takomillashtirishga hamda o‘qituvchilarning mazkur o‘quv qo‘llanmalardan ta’lim jarayonida foydalanish bo‘yicha bilimlarini oshirishga sarflanadi.

Qolaversa, mazkur loyiha yordamida ta’lim muassasalarida shaffoflik ta’minlanib, maktab boshqaruvini rivojlantirish usullari va strategiyasi ishlab chiqiladi.

Xususan, loyiha Xalq ta’limi vazirligining o‘quvchilarning axborot texnologiyalari sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan “IT Nation” tashabbusini amalga oshirishda ilmiy asoslangan strategiya yaratishda ko‘mak beradi.

Qayd etilishicha, USAID agentligi ko‘magida umumta’lim maktablarning boshlang‘ich sinflarida o‘qish va matematika (EGRA i EGMA) fanlari bo‘yicha tadqiqot ishlari olib boriladi. Ushbu tadqiqotlar o‘g‘il-qizlarning bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlashga yordam beradi va ushbu muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Shuningdek, USAID agentligi mazkur loyiha davomida Xalq ta’limi vazirligiga zamonaviy ta’lim usullarini joriy etish yo‘llari bilan bir qatorda mamlakatimiz maktablarida ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirishga qaratilgan “English speaking nation” dasturini amalga oshirishda yordam beradi.