Joriy yilning 6 iyundan boshlab mavsumiy Toshkent — Bishkek — Baliqchi (Issiq-ko'l) yo’nalishida xalqaro yo’lovchi poyezd qatnovi yo’lga qo’yiladi, xabar beradi “O'zbekiston temir yo’llari” AJ matbuot xizmati.

Poyezd haftaning har payshanba kuni Toshkent-Markaziy vokzalidan kechki soat 20:50 da yo’lga chiqib, Qozog’iston hududi orqali harakatlanadi va juma kuni kechki 20:29 Baliqchi vokzaliga yetib boradi.

Issiq-ko'ldan shanba kuni soat 01:59 harakatlangan poyezd Toshkent shahriga yakshanba kuni soat 05:00 da yetib keladi.

Xalqaro qatnov O’zbekistonning “Salar”, “Chuqursoy”, “Keles”, Qozog’istonning “Sariag'ach”, “Aris-1”, “Chimkent”, “Mankent”, “Tyulkubas”, “Abail”, “Burnoe”, “Jambul”, “Lugovaya” hamda Qirg’izistonning “Merke”, “Chalvador”, “Qaindi”, “Qorabolta”, “Belovodsk”, “To'qmoq” stansiyalari, Bishkek-2 va Baliqchi vokzali orqali amalga oshiriladi.

TTa’kidlanishicha, yo’lovchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Vagonlar shinam va yorug', sovutish tizimlari bilan jihozlangan. Restoran vagonda sayyohlar va yo’lovchilar uchun salqin ichimliklar mavjud bo’lib, tansiq taomlar ham tayyorlanadi.