Namangan viloyatidagi bozorlarning umumiy soni 46 taga yetdi. Toʻrt oyda tadbirkorlar soni 617 taga ortdi, biroq hujjatlarsiz savdo faoliyati bilan shug’ullanayotganlar ham uchramoqda. Bu haqda Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qoʻshtirnoq ichidagi “tadbirkor"lar

Qo’mitaning xabar berishicha, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida oʻtkazilgan pasportlashtirish tadbirlarida 166 nafar fuqaro hech qanday hujjatlarsiz savdo faoliyati bilan shugʻullanayotganligi aniqlandi. Ulardan esa 530 mln. soʻmlik tovar-moddiy boyliklar ish qonuniy hal etilguniga qadar vaqtincha saqlovga olindi.

Jumladan, fuqaro Ayubxon Mamasoli oʻgʻli “Uychi Rovot” savdo kompleksida qariyb 9 mln. soʻmlik kiyim-kechak, fuqaro Toʻxtasin Moʻminov “Uchqoʻrgʻon sof savdo” dehqon bozorida 7 mln. 200 ming soʻmlik erakaklar poyabzalini hech qanday hujjatlarsiz sotayotgani qayd etildi. Ularga soliq qonunchiligidagi oʻzgarishlar haqida batafsil tushuncha berildi. Ayni paytda A.Mamasoli oʻgʻli hamda T.Moʻminovlar belgilangan tartib asosida faoliyat olib bormoqda.

Shu qatori, bozorlarda oʻtkazilgan 195 ta xronometraj tadbirlari natijasida naqd pul tushumi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 112 mln. soʻmga yoki 85 foizga oshirilishiga erishildi.

“Olib-sotarlar” faoliyatiga chek qoʻyilmoqda

Ayrim dehqon bozorlarida olib-sotarlikni kasb qilib osongina boyimoqchi boʻlgan shaxslar ham uchrab turibdi. Eng yomoni, ularning baʼzilari oylab terga botib ishlagan dehqondan mahsulotni arzon garovga olib, qimmat narxda pullayotganidir. Albatta, boʻlimimiz tomonidan bunday holatlarga barham berish boʻyicha bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 48 marotaba oʻtkazilgan tadbirlar natijasida bozorlarda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini olib sotish faoliyati bilan shugʻullanib, narx-navo qimmatlashishiga sababchi boʻlayotgan 55 nafar fuqarolardan 67,2 mln. soʻmlik mahsulotlar olinib, aholiga arzon narxlarda sotilishi taʼminlandi.