Milliy matbuot markazida “Farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, dori vositalari, tibbiy texnika va buyumlar ishlab chiqarish hajmi hamda turlarini kengaytirish borasida belgilangan chora-tadbirlar hamda ularning ijrosi” mavzusida matbuot anjumani bo’lib o’tdi.

Unda farmatsevtika tarmog’ida amalga oshirilayotgan loyihalar borasida ma’lumotlar berildi.

Soha bo’yicha faoliyat olib borayotgan korxonalar

Bugungi kunda respublikada faoliyat yuritayotgan 162 ta korxonadan 90 tasi dori vositalari, 61 tasi tibbiy buyum va 11 tasi dori vositasi va tibbiy buyumlar ishlab chiqarmoqda.

Ishlab chiqarilayotgan 2486 dan ortiq dori vositalari va 199 tibbiyot buyumlari tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilib, davlat ro‘yxatiga olingan.

19 ta farmatsevtika korxonalarining 100 ga yaqin turdagi mahsulotlari xalqaro farmatsevtika bozoriga, shu jumladan, AQSh, Fransiya, Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlari va MDHga eksport qilinmoqda.

Bundan tashqari, farmatsevtika sohasiga chet el investitsiyalarini jalb qilinishi hisobiga 26 ta qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

O’zbekiston dori vositalari xorijda

Mahalliy ishlab chiqaruvchi 27 ta korxona tomonidan 25 farmakoterapevtik guruhga mansub dori vositalari va 10 nomdagi tibbiy buyumlar 14 ta xorij davlatga, jumladan, AQSh, Germaniya, Rossiya, Fransiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Korxonalar tomonidan eksport qilingan mahsulotlar hajmi 2018 yilning 1 choragiga nisbatan 134,6%ga oshdi. 6 ta yangi farmatsevtik bozor — Yaman, Belorus, Janubiy Koreya, Moldova, Turkiya va Tojikiston bozorlari o‘zlashtirildi.

O‘zbekiston dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha imkoniyati yuqori davlat sifatida dorivor o‘simliklar xomashyosi va qayta ishlangan mahsulotlarni qator davlatlarga eksport qiladi. Jumladan, 2018 yilda respublika bo‘yicha 6300 tonna xomashyo va 5700 tonna qayta ishlangan tayyor yoki yarim tayyor mahsulotlar eksport qilingan.

Ishlab chiqarish

Ayni paytda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 35 ta farmakoterapevtik guruhga kiruvchi dori vositalaridan 26 tasiga kiruvchi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Import qilinayotgan dori vositalari esa 33 ta farmakoterapevtik guruhni qamrab olgan.

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalaridan 382 nomdagisi o‘simlik xom ashyosi hisoblanadi. Dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini rivojlantirish maqsadida 11450 ga yer maydoniga dorivor o‘simliklar ekilgan, shu jumladan, Qoraqalpog‘istonda 8127 ga yer maydonida qizilmiya ildizi plantatsiyalari tashkil etilgan.

Yetishtirilgan qizilmiya ildizini qayta ishlash uchun 14 ta korxona tashkil etilgan va faoliyat ko‘rsatmoqda. 51 ta korxona o‘simlik xom ashyosi ishlab chiqaruvchi hisoblanadi.

“Zamona Rano” MChJ, “Asel” XKK, “Gerbofarm” MChJ, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi S.Yu.Yunusov nomidagi o‘simlik kimyo moddalari instituti, Abu Ali Ibn Sino nomidagi maxsus o‘rmon ho‘jaligi, “Shifobaxsh” IChB, “So'qoq gilosi” FX, “Flora-Med” MChJ kabi qator korxonalar tomonidan turli nomdagi dorivor o‘simlik xom ashyosi tayyorlanmoqda.

Qayd etilishicha, respublikada farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 162 ta korxonadan 51 tasida (31 foiz) xalqaro va milliy standartlar joriy qilingan. Jumladan, 40 ta korxonada ISO 9001 xalqaro standarti, 10 ta korxonada O‘zbekiston davlat standarti va 1 ta korxonada xalqaro “GMP — Yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti” standarti joriy qilingan bo‘lib, muvofiqlik sertifikatlariga ega.