Prezidenti 22 may kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig’ilishda “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga 2022 yilgacha ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirish hisobiga importni optimallashtirish va eksportni 500 million $ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shavkat Mirziyoyev buning uchun xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Hozirda misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning 50%idan ko‘prog‘i oddiy simdan iborat. Shuni chuqur qayta ishlab, mis trubkalar, internet va aloqa kabellari tayyorlansa, jahon bozorida qimmatroq sotiladi.

Mahsulotlar eksportida transport xarajatlarini kamaytirish zarurligi qayd etilib, ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan ko‘pgina ehtiyot qismlar import qilinayotgani, bu tannarxning qimmatlashiga olib kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Muzlatgich va isitish uskunalari, kompyuter texnologiyalari, mobil aloqa vositalari, quyosh panellari va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish orqali yurtimiz korxonalarining ichki bozordagi o‘rnini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Xorijiy bozorlarga kirib borish uchun tashqi hamkorlikni ham rivojlantirish muhim. Shu bois jahonga mashhur “brend"lar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Navoiy” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalarida yangi loyihalarni joylashtirish, “Termiz” erkin savdo zonasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Tarmoqni jadal rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida zamonaviy infratuzilmaga ega elektrotexnika texnoparklari tashkil etish zarurligi qayd etildi.