Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasidan 1,5 km uzoqlida OltinYo’lGastoLiquids (GTL) tabiiy gazdan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod bunyod etilyapti, xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

OltinYo’lGastoLiquids (GTL) ning umumiy qiymati 3,6 mlrd $ bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri sanaladi.

Loyiha “O‘zbekneftegaz” AJ, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Xitoy Rivojlanish davlat banki, Koreya Ekspot-import banki, Koreya savdo-sug‘urta korporatsiyasi, “Gazprombank” AJ, “Roseksimbank” AJ va Rossiya eksport kreditlar va investitsiyalarni sug‘urtalash agentligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.

Loyihani amalga oshirishdan quyidagi maqsadlar ko’zlangan:

  • tabiiy gazni chuqur qayta ishlash hajmini oshirish;
  • uglevodorod xomashyosi importini kamaytirish;
  • sifatli va ekologik toza yonilg‘iga bo‘lgan ichki talabni qondirish;
  • strategik mahsulotlar bozorini mahalliy xomashyo hisobidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan ta’minlash.

Zavodda yiliga YeVRO 5 standartiga javob beruvchi yuqori sifatli 1,5 mln tonna sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Jumladan, 743,5 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 311 ming tonna aviakerosin, 431 ming tonna naft, 50 ming tonna siqilgan gaz tayyorlanadi.

GTL zavodining texnologik jarayoni uchta asosiy bosqichga asoslangan bo‘lib, bunda tozalangan metan GTL mahsulotlariga, jumladan dizel yoqilg‘isi, kerosin, nafta va SUGga aylantiriladi.

Ayni paytda majmuaning qurilish ishlariga 6,5 ming ishchi jalb etilgan bo‘lib, ulardan 500 nafari quruvchi, muhandis va mutaxassislardan iborat xorijliklardir. Bunyodkorlik ishlarida shuningdek, 450 ta og‘ir va maxsus qurilish texnikalaridan foydalanilmoqda.

Qurilish jarayonida noyob maxsus texnikalardan, jumladan, balandligi 25-qavatli binoga, 100 metrdan ortadigan eng uzun uchga va yuk ko‘tarish quvvati 1500 tonnaga teng bo‘lgan krandan foydalanilyapti. Bu turdagi kranlar dunyoda sanoqli bo‘lib, oldindan kelishilgan jadvalga muvofiq ishlatiladi.

Dekabr oyida prezident zavodga tashrifi jarayonida mutaxassislar, texnika va resurslardan maksimal foydalanib, qurilish-montaj jarayonlarini oqilona muvofiqlashtirib, zavodni ishga tushirishni tezlashtirish, mahsulot ishlab chiqarishni bir kun bo‘lsayam ertaroq yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlagan edi.

Ilgri Spot Bahrom Ashrafxonov GTL zavodining ishga tushirilishi nima uchun benzin narxining pasayishiga olib kelishini tushuntirgani haqida xabar bergan edi.