Prezident “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Telekommunikatsiya tarmoqlari, qurilmalari, vositalari va obyektlari, operatorlar va provayderlarning mobil aloqa bazaviy stansiyalari, shu jumladan, ijaraga beruvchilarning hududlarida ijara asosida o‘rnatilgan stansiyalar mulkchilik shaklidan qat’i nazar, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obнektlari hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan davlat-xususiy sheriklik shartlarida olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan byudjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni ta’minlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga, mobil aloqa operatorlaridan tashqari, 10 yil davomida quyidagilar kafolatlanadi:

  • ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi;
  • “O‘zbektelekom” AK tomonidan internet tarmog‘iga kirish xizmatini ulanish joyidan qat’i nazar yagona tarif bo‘yicha taqdim etilishi;
  • xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan telekommunikatsiya vositalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni beg‘araz asosda taqdim etish;

Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining foyda solig‘i hamda yagona soliq to‘lovini hisoblashda soliq solinadigan baza muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini yaratishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi.

Shuningdek, qaror bilan Wi-Fi texnologiyasi bo‘yicha simsiz ma’lumotlar uzatish uchun signal quvvatidan qat’i nazar 2400−2483,5 MGs va 5000−5999MGs radiochastota polosalarida ekspluatatsion yig‘im va radiochastota spektridan foydalanganlik uchun to‘lov undirilmaydi.