AES qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydon tanlandi. Bu haqda “O'zatom” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, 2018 yilning avgustidan shu yilning mart oyiga qadar AES qurilishi uchun ajratilgan tahminiy maydonlarda muhandislik-tadqiqot ishlarining birinchi bosqichi amalga oshirildi.

Xususan, mazkur yo‘nalishdagi ishlar Navoiy va Buxoro viloyatlarining To‘dakul suv ombori yaqinidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li atrofida joylashgan 3 ta maydonda olib borildi.

Hozirgi kunda tanlangan maydonni tasdiqlash hamda litsenziyalash borasida muhandislik tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichi davom ettirilmoqda.

Loyihani amalga oshirish ishlarini jadallashtirish va loyihaviy yechimlarni ishlab chiqish maqsadida, joriy yilning 17 may kuni “Atomstroyeksport” (“Rosatom” Davlat korporatsiyasining muxandislik bo‘limiga tegishli AJ) bilan tenik loyihani ishlab chiqish uchun muhandislik-tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha shartnoma imzolandi, mazkur jarayonning Dasturini ishlab chiqish hamda hodimlar va texnika mobilizatsiyasi (taqsimoti) bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.