Xalq ta’limi vazirligi (XTV), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Digital Knowledge Co. Ltd kompaniyasi (Yaponiya) ta’limni boshqarish tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihaga start berdi.

31 may kuni XTV, JICA va Digital Knowledge Co. Ltd vakillari davlat-xususiy sherikchilik shaklida amalga oshiriladigan mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha bayonnomani imzoladi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati. Loyiha qiymati 1 mln $ bo’lib, JICA tomonidan ajratilgan grant hisobiga moliyalashtiriladi.

Loyiha ta’limni boshqarish tizimini joriy etish orqali maktab o‘qituvchilarining malakasini oshirish, yurtimizning barcha viloyatlarida yagona ta’lim sifatini ta’minlash hamda davlat va nodavlat maktablarida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.

Digital Knowledge Co. Ltd kompaniyasi mutaxassislari yangi loyihani amalga oshirishda ishtirok etadi. Jumladan, loyiha doirasida mamlakatning barcha viloyatlarida joylashgan 14 ta pilot maktablarida ta’limni boshqarish tizimi joriy etiladi.

Loyiha doirasida yaponiyalik mutaxassislar pilot maktablari faoliyati va o‘qitish metodlarini o‘rganadi. Hamkorlikda amalga oshirilgan ish natijalariga ko‘ra o‘qituvchilar Ichishin Holdings Group, Meiko Network Japan, Gakusho va boshqa Yaponiyaning yetakchi kompaniyalarining o‘quv dasturlari va materiallari bo‘yicha masofaviy ta’limdan o‘tadi. Mazkur dastur va materiallar tarjima qilinishi va O‘zbekiston standartlariga moslashtirilishi ham rejalashtirilgan.

Kompyuter test tizimini mahalliylashtirish mazkur loyihaning asosiy qismlaridan biri bo‘ladi. Mahalliylashtirilgandan so‘ng mazkur tizim orqali pilot maktablardagi o‘kuvchilar imtihondan o‘tkaziladi, bu esa o‘quvchilarning bilim olish darajasini aniqlashga ko‘mak beradi.

Loyiha doirasida yaponiyalik mutaxassislar nodavlat ta’lim muassasalari vakillari uchun ham ta’lim tizimini boshqarishning afzalliklari va elektron o‘quv materiallarini yaratish bo‘yicha bir qator tadbirlar tashkil etishni rejalashtirgan. Yaratilgan o‘quv materiallari davlat maktablarida sinovdan o‘tkaziladi.

Loyiha bir yil davomida amalga oshiriladi.