2019 yilning may oyida tovarlar va xizmatlarning iste`mol narxlari o`rtacha 0,7% ga ko`tarildi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-may oylari davomida iste`mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari 6,0%ga qimmatlashdi. 2018 yilning may oyiga nisbatan esa respublika iste`mol sektoridagi o`rtacha narxlar darajasi 13,7%ga oshdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

2019 yil boshidan ushbu guruh mahsulotlari narxi o`rtacha 7,9%ga qimmatlashdi. Yil davomida (2019 yil may oyi 2018 yilning may oyiga nisbatan) mazkur guruh mahsulotlari narxlari 16,3%ga ko`tarildi.

Oziq-ovqat mahsulotlaridan narxlarning o`sishi borasidagi yetakchilik joriy oy davomida alkogolsiz va spirtli ichimliklar (narxlar mos ravishda 1,5% va 1,4%), yana go`sht mahsulotlari (0,7%) guruhiga tegishli bo`ldi.

Umumiy hisobda, 2019 yilning o`tgan davri mobaynida meva va sabzavot mahsulotlari (20,9%), sut mahsulotlari (9,9%), spirtli ichimliklar (7,7%), non mahsulotlari (4,9%), shakar, choy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari (4,8%) qimmatlashdi.

Xizmatlar va nooziqovqat mahsulotlar

Joriy yilning yanvar-may oylari davomida ushbu guruh mahsulotlari narxi 4,6%ga qimmatlashdi. 2018 yilning may oyiga nisbatan nooziq-ovqat mahsulotlarning yillik narxlar o`sishi 11,2%ni tashkil etgan.

May oyi uchun nooziq-ovqat mahsulotlari asosiy guruhlari narxlarining qimmatlashishi gazlama va eshilgan iplar (1,5%), shaxsiy gigiyena mahsulotlari (1,0%), avtomobillar uchun yoqilg`i (0,9%) mahsulotlarida kuzatildi.

Yillik tahlil natijalariga ko`ra, maishiy ehtiyoj maqsadlarida ishlatiladigan ko`mir (1,7 baravar), bosma nashr mahsulotlari (21,0%), gugurt (18,6%), avtomobillar uchun yoqilg`i (17,5%), tamaki mahsulotlari (16,8%) va aloqa vositalari (16,7%) narxlari yuqori sur`atlarda qimmatlashdi.