Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyati davomida iste’molchilarda elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq ko‘plab muammolar borligi aniqlanmoqda, xabar beradi qo’mita matbuot xizmati.

Bulardan biri, elektr energiyasi ta’minoti korxonalari tomonidan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarmaslik, ya’ni elektr energiyasi hisoblagichlarini sotib olish, o‘rnatish va qiyoslash bilan bog‘liq ishlarni iste’molchining zimmasiga yuklashdan iborat.

Misol uchun, Zangiota tumanida yashovchi fuqaro A.I. tomonidan yangi qurilgan xonadonini elektr energiyasi tarmog‘iga ulash va hisoblagich o‘rnatib berish bo‘yicha elektr ta’minoti korxonasiga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lib, ta’minotchi iste’molchiga hisoblagichni uning hisobidan sotib olgan taqdirda o‘rnatib berilishi ma’lum qilingan.

Bugungi kunda elektr energiyasi hisoblagichining o‘rtacha narxi 400−450 ming so‘mni tashkil etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi qarorida maishiy iste’molchilarga elektr energiyasi hisoblagichlarini sotib olish, o‘rnatish, ro‘yxatga olish, davriy davlat qiyoslovidan o‘tkazish va plombalash, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

O‘tkazilgan o‘rganish natijasida iste’molchining qonuniy manfaatlari himoya qilinib, hisoblagich elektr tarmoqlari korxonasi hisobidan o‘rnatilishi hamda iste’molchining tarmoqqa ulanishi ta’minlandi.

Iste’molchilarning qonuniy huquqlaridan to‘liq xabardor emasligi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan yetarlicha targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmayotganligi natijasida joylarda bunday holatlar uchramoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi shu kabi holatlarga duch kelinganda yoki tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan manfaatlar kamsitilayotgan bo‘lsa (71) 207−47−00 raqami bo’yicha murojaat qilishni so’radi.