Ijtimoiy tarmoqda reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, ya’ni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma olishi kerak.

Bu haqda 12 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo’lib o’tgan brifingda Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ahmadjon Suyunov ma’lum qildi.

“To‘g‘ri, qonunda blogerlik degan tushuncha yo‘q. Lekin siz kimdandir pul olib, xizmat ko‘rsatayapsizku. Bu xizmat ko‘rsatish evaziga haq olish hisoblanadi. Va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq holat sifatida qayd etiladi. Qonunda blogerlik tushunchasi mavjud bo‘lmasa-da, xizmat ko‘rsatish degan tushuncha bor, — dedi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aydos Qoshanov.

Ta’kidlanishicha, agar ijtimoiy tarmoqlarda reklama orqali daromad ko‘rayotgan shaxs davlatga soliq to‘lamasa, undan texnika vositasi (telefon, noutbuk, planshet, kompyuter) olib qo‘yilish mumkin:

“Agar kimda-kim noqonuniy ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, biz undan tadbirkorlikni qanday vosita orqali amalga oshirayotgan bo‘lsa, o‘sha vositasini, jihozini olib qo‘yishga to‘laqonli haqqimiz bor. Bu qonun doirasida kafolatlangan. Olib qo‘yilgan jihoz 30 kungacha ushlab turilishi mumkin, — dedi Aydos Qoshanov.

Muloqotda qayd etilishicha, yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladigan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida elektron tijorat sohasida soliqlarning joriy etilishi ko‘zda tutilgan.