Gulistonda xorijlik investorlar uchun viloyat hokimligida o‘tkazilgan tadbirda Italiyaning Classimo, Artes Poletecnica srl, Crisafulli Vivai srl, Omnia Onlus, Inovando srl, Edveis Kansalting, Zanzi kompaniyalari rahbar va vakillari ishtirok etdi.

Mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Classimo kompaniyasi bilan Italiya brendi ostida kompaniya mebellarini Gulistondagi “Sirdaryo mebel fabrikasi"da ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi, deb yozadi O’zA.

“Italiya brendi ostida kompaniyamiz mebellarini bu yerda ishlab chiqarilishi biz uchun juda foydali. Chunki O‘zbekiston Osiyoning qoq markazida joylashgan. Bu yerdan atrofdagi davlatlarga mahsulotni eksport qilish juda ham qulay”, — deydi “Classimo” kompaniyasi rahbari Salvatoriy Messina.

Italiyalik investorlar ushbu tashriflari davomida bir qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.

Classimo (1931 yilda tashkil etilgan) Kataniya (Italiya)da joylashgan yirik mebel ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. So’nggi 50 yil mobaynida kompaniya yog’och mebel, yumshoq mebel, stol va yotoq ishlab chiqarishda yetakchilik qilib kelmoqda.