Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi aksiyalarni olish, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlarning birlashuvi va qo‘shib olinishi bo‘yicha oldindan rozilik berish orqali bozor konsentratsiyasi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Qo‘mita tomonidan olib borilgan tahlillarning ko‘rsatishicha, shu kunga qadar tuzilgan bitimlarning aksariyati (71%) kompaniya aktivlarini — xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning aksiyalari va ulushlarini sotib olish bo‘yicha qayd etilgan.

Unique Trade Business / Golden House Development

Golden House Development O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan eng ilg‘or kompaniya hisoblanib, unga yana bir ta’sischi sifatida Unique Trade Business korxonasi qo‘shildi.

Golden House Development kompaniyasi dunyo miqyosida tan olingan xorijiy va dizaynerlik kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi va butun dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingan, International Property Awards ning 7 ta mukofoti sovrindori — O‘zbekistondagi birinchi developer (uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanuvchi korxona) hisoblanadi.

Hangzhou Hikvision Digital Technology Co Ltd/ Hikvision Tashkent

Hikvision Digital Technology Co. Ltd — butun dunyo bo‘yicha videokuzatuv mahsulotlari va ular bo‘yicha tayyor yechimlarni yetkazuvchi hisoblanadi.

Hikvision kompaniyasi 2001 yilda tashkil etilib, bugungi kunga kelib 13 mingdan ko‘p xodimlarni, shu jumladan 4 mingdan ko‘p ilmiy-tadqiqot shtatlarini ish bilan ta’minlagan. Oldinga qo‘yilgan maqsad — korxona biznes strukturasini optimallashtirish bo‘yicha bitimlarni tuzishdan iborat.

Holten Group Corp / International Beverages Tashkent

International Beverages Tashkent kompaniyasi butun dunyoga mashhur bo‘lgan alkogolsiz ichimliklar — Lipton, Mirinda, 7UP va Pepsi ichimliklarini qadoqlash bo‘yicha O‘zbekiston bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan PepsiCo kompaniyasining rasmiy vakili hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu kompaniya xorijiy muassisini o‘zgartirdi va davlat ulushini saqlab qoldi.

Miniso Hong Kong Limited / Miniso Home

2013 yilda kiyim-kechak ishlab chiqarish bo‘yicha Yaponiyalik mashxur dizayner Djunia Miyake (Junya Miyake) va Xitoylik tadbirkor I Goufu (Ye Guofu) kundalik talab bozorida eng rivojlangan brend bo‘lgan kompaniyaga asos soldilar. Bugungi kunda ushbu kompaniyaning 3 mingdan ortiq do‘konlari dunyoning 62 ta mamlakatida, ya’ni AQSH, Kanada, Yevropa mamlakatlari, Singapur, Rossiya, Koreya, BAA va boshqa davlatlarda joylashgan. Kompaniyaning do‘konlariga bir kunda 1 milliondan ortiq kishi tashrif buyurmoqda, joriy yilning 18 martidan e’tiboran bu safga O‘zbekistonliklar ham qo‘shildilar.

TBC Bank Group / Inspired (Payme)

Payme — O‘zbekiston bozoridagi yirik to‘lov xizmatlari yetkazib beruvchisi hisoblanib, uning 1,3 milliondan ortiq mijozlarga ega bazasi mavjud. Gruziyaning TBC Bank banki tomonidan Inspired’dagi ulush sotib olinib, hozirda u O‘zbekiston bozoriga o‘zining innovatsion raqamli texnologiyalari bilan chiqish arafasida turibti.

Payme’ni sotib olishdan ko‘zlangan maqsad — TBC Bank va uning shu’ba korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini 50%ga oshirish va shu bilan foydalanuvchilar sonini 3,7 million kishiga yetkazishdir.