“O'zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan import qilinadigan poyabzalga bojni oshirish bo’yicha loyiha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan.

Unga ko’ra 2019 yil 1 iyuldan import poyabzalga (TIF TN kodi 6401 — 6405) solinadigan bojxona boji stavkasini tovar bojxona qiymatining 30%i, biroq bir jufti uchun kamida 5 $gacha oshirish taklif qilinmoqda.

Loyiha keng miqyosda muhokama qilinib, bugungi kunga 125 nafar kishi izoh qoldirdi. Ularning aksariyati loyihaga e’tiroz bildirganlar, bu tartib bozor mexanizmlariga mos kelmasligini, monopoliyaga olib kelishi va mahsulot narxining oshib ketishi to‘g‘risida fikr bildirmoqdalar.

“Ayni paytda, rag‘batlantirish mexanizmi, ya’ni boshqacha aytganda „proteksionizm“ butun dunyo bo‘ylab, rivojlangan mamlakatlarda ham, rivojlanayotgan mamlakatlarda ham keng qo‘llaniladi. Ko‘pgina taniqli iqtisodchilar fikriga ko‘ra proteksionizm mamlakat sanoatning rivojlanishiga, barqaror iqtisodiy o‘sishga va pirovardida davlatning qudratli bo‘lishiga yordam beradi, erkin savdo siyosati (fritreyding) esa, ayniqsa sanoati yetarli darajada rivojlanmagan mamlakatda ishlab chiqarishga bo‘lgan qiziqishni kamaytirib mamlakat sanoatining vayron bo‘lishiga, iqtisodiy pasayish va qashshoqlikka olib keladi”, deya “O'zcharmsanoat” uyushmasi yuzaga kelgan vaziyatni sharhladi.

Uyushma misol tariqasida xorij tajribasini keltirdi

Angliyada 1690 yilda sanoatni bojxona nazorati orqali himoya qilish joriy qilingan. Xalqaro savdoda ingliz proteksionizmining asosiy chorasi bo‘lib turli mahsulotlarga nisbatan 20% miqdoridagi import bojining kiritilishi bo‘lgan. Keyinchalik boj miqdori oshirib borilgan.

Buning eng yuqori cho‘qqisi XVIII asr o‘rtalari 1820 yillarga to‘g‘ri kelgan va bu paytda asosiy boj 25 — 50%, himoyaviy ya’ni proteksion boj 40 — 50% belgilangan. Shu bilan birga ichki sanoatning yangi va yosh tarmoqlari va sohalari uchun raqobatchi bo‘lgan bir qator import mahsulotlariga mamlakatga olib kirish uchun to‘liq ta’qiq qo‘yilgan.

“Shunisi e’tiborga molikki, xalqaro savdoda ingliz proteksionizmi davri, ya’ni XVIII — XIX asr o‘rtalari aynan Angliyada ro‘y bergan birinchi sanoat inqilobi davri bo‘lgan. Bu davrda ishlab chiqarishga, xususan metallurgiya, tekstil sanoatida ishlab chiqarish texnologiyalariga innovatsiyalar joriy qilingan” deyiladi uyushma xabarida.

Bugungi kunda poyabzal mahsulotlari uchun Pokistonda 25%, Turkiyada 30−50%, Vetnamda 10−20%, poyabzal sanoati rivojlangan va mahsulotlari butun dunyo bo‘ylab sotilayotgan Xitoyda esa 100% import boji o‘rnatilgan.

Uyushmada ta’kidlanishicha, jahon tajribasi orqali aynan import uchun bojning ichki ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida oshirilishi va ularga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi sanoatning yanada gurkirab rivojlanishiga, ichki ishlab chiqarish hajmlarining oshishiga, yangi ishchi o‘rinlarining yaratilishiga, ichki bozorni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilishga hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar turlarining ko‘payishiga imkon berganligini ko‘rish mumkin.

Soliq imtiyozlari berilishidan bo‘shagan mablag‘lar ishlab chiqaruvchilarga, asosan aylanma mablag‘larini ko‘paytirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy ilg‘or texnika va texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun qayta investitsiya qilish imkonini beradi.

Izohlarning aksariyatida agar loyiha qabul qilinsa yana bir monopolist yuzaga kelishi haqida fikr bildirilgan. Uyushmada qayd etilishicha, charm-poyabzal mahsulotlarini olib kirishni ta’qiqlash haqida hech qanday so‘z yo‘q, va bundan kelib chiqadiki poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari bozorida monopoliya paydo bo‘lmaydi.

“Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 700 dan ortiq poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqdalar. Mana shunday ko‘p sonli korxonalar bozorning turli segmentlarini qoplagan holda turli toifadagi xaridorlarning talablarini qondirish imkonini beradi. Biroq, bozorda narx shakllanishi muammolari hali ham dolzarb bo‘lib qolmoqda”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, O’zbekistonda poyabzal ishlab chiqarish tannarxi nisbatan past bo‘lsada (Xitoy va Hindistonga qaraganda past), poyabzal mahsulotlari xaridorlargacha “birinchi qo‘ldan” yetib bormaydi. Ba’zan ustamalar 100, hatto 200%ni tashkil etadi.

Uyushma muhokamaga qo‘yilgan loyihaning amalga oshirilishi 2019−2022 yillarda sohada mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha jami qiymati 431,9 mln $ shu jumladan 198,6 mln $ to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya bo‘lgan 235 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi 2019 yilda tayyor charm ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini 919,6 mln kv dmga, poyabzal ishlab chiqarish hajmlarini 86,1 mln juftga yetkazish imkonini beradi, bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston aholisining poyabzal mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qoplaydi, deya qayd etdi.