Joriy yilning 13 iyun kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida ilmiy loyihalarni tanlash, saralab olish, monitoring qilish va hisobini yuritishning yaxlit tizimini joriy etish” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2019−2021 yillardagi Innovatsion rivojlantirish strategiyasiga ko‘ra ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat xarajatlarini ko‘paytirishni nazarda tutilgan.

Bu xarajatlar o‘z navbatida yurtimiz taraqqiyotiga nafi tegadigan, aholi farovonligi va xalqimiz turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladigan mahsulotlar, texnologiyalar ko‘rinishida davlatga foyda olib kelishi lozim.

O‘z navbatida, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishdan keladigan foyda olimlarning ham moliyaviy ahvoliga ijodiy ta’sir ko‘rsatib, kelgusida ularning ilmiy izlanishlar bilan yanada chuqur shug‘ullanishlariga zamin yaratishi kerak.

Innovatsion rivojlanish vazirligi amaliy ilmiy-texnik loyihalar, innovatsion ishlanmalar hamda dolzarb tematik tadqiqotlar tanlovlarini e’lon qilgach, har bir yo‘nalish bo‘yicha tanlovga kelib tushgan loyihalar vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmoqda.

Topshirilgan loyihalardagi ma’lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi, natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan vazifalarga mosligi, ijrochilarning ilmiy-texnik salohiyati, ijrochi tashkilotda moddiy-texnik baza mavjudligi va boshqa mezonlar o‘rganilib, tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorida amaliy va innovatsion tadqiqotlarning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha mavzuga oid grantlar berish yuzasidan muntazam ravishda tanlovlar e’lon qilib borish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilishi 2019−2020 yillarga mo‘ljallangan innovatsion hamda 2019−2021 yillarga mo‘ljallangan amaliy loyihalar bo‘yicha tanlovning I-XI turlarida 16 ta fan yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy hajmi 89 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan 176 ta tematik loyihalar tanlovi e’lon qilingan.

Hozirgi kunda bitta loyihaning o‘rtacha qiymati yillik 505,0 mln. so‘mdan yuqori bo‘lib, 1 iyun holatiga bitta loyihani moliyalashtirish hajmining o‘rtacha qiymati avvalgi yillarda loyihalarga berilgan mablag‘larga nisbatan 3,3 marotabaga oshishiga erishildi. Ushbu ko‘rsatkichni joriy yilning oxiriga borib har bir loyiha bo‘yicha o‘rtacha 530,0 mln. so‘mgayetkazish, ya’ni 3,5 barobarga oshirishga erishiladi.

Hozirgi kunda e’lon qilingan I-VII turlari bo‘yicha loyihalar tanlovlari yakuniga yetkazildi. Tanlov natijasida jami 45 ta amaliy va innovatsion loyiha tanlab olindi va ularni moliyalashtirish uchun 45,9 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 maydagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-3698-son qaroriga asosan ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, “startap” loyihalarini o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtirish uchun Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 50,0 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, “startap” loyihalarini o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtirish uchun birinchi tanlov o‘tkazildi. Tanlov yakuniga ko‘ra jami 23 ta loyihalar 18,1 mlrd. so‘mga moliyalashtirishga tavsiya etildi.

Shuningdek Xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik doirasida jami 21 ta loyiha 8,0 mlrd so‘mga shundan: O‘zbekiston -Belarus o‘rtasida bajarilishi 2019−2021 yillarga mo‘ljallangan 15 ta loyiha 7,3 mlrd so‘mga, O‘zbekiston — Germaniya o‘rtasida jami 6 ta 0,6 mlrd. so‘mlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga iqtisodiy-ijtimoiy masalalar yechimiga qaratilgan 6 ta maqsadli loyihalar 6,6 mlrd. so‘mga moliyalashtirilmoqda.

Hozirgi kunga qadar yuqorida qayd etilgan jami 95 ta loyiha 78,6 mlrd. so‘mgamoliyalashtirishga tavsiya etildi.