Shu kunlarda Samarqand shahrida MDH davlatlarining milliy to‘lov tizimlari hamda bank rahbarlarining uchinchi ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Abxaziya Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining to‘lov tizimlari hamda banklari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirning ochilish marosimida «Milliy to‘lov tizimi» («Mir» to‘lov tizimining operatori) Bosh direktori Komlev Vladimir Valerevich va Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi (YAUPM) (Uzcard banklararo to‘lov tiziminig operatori) Bosh direktori Maxmudov Axror Abrorovich so‘zga chiqdi hamda ikkala davlatning to‘lov tizimlari infrastrukturasi rivojlanishi, to‘lov xizmatlarining sifati va xalq vakillariga taklif etilayotgan innovatsion yechimlar borasida fikr almashildi.

YAUPM Bosh direktori Maxmudov A.A. Rossiya davlatining Milliy to‘lov tizimi bilan hamkorlik qilish istiqbollari va avzalliklariga alohida to‘xtaldi:

«O‘zbekiston Respublikasi Davlat Qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga binoan, 2018 yil davomida MDH davlatlaridan mamlakatimizga 5 milliondan ortiq sayyohlar tashrif buyurgan. Jumladan, „Mir“ to‘lov tizimi bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik nafaqat O‘zbekiston uchun, balki MDH davlatlarining istiqboli uchun ham xizmat qilib keladi. Rejaga muvofiq, integratsiya jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Joriy yilning yakuniga qadar, kompaniyamiz tomonidan Aloqabank bankining terminallar parkini protsessing markaziga ulash ishlari o‘z nihoyasiga yetkaziladi. Bugungi kunga kelib, ushbu bank 6 380 ta POS-terminal va bir qator ATM qurilmalarini foydalanishga topshirib kelmoqda. Rossiya va O‘zbekiston to‘lov tizimlarini integratsiya qilish davri mobaynida ikki to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi „Uzcard-Mir“ kobeydjing kartalarini muomalaga chiqarish rejalashtirilmoqda. Kobeydjing kartalarini foydalanuvchilar ihtiyoriga topshirishimiz bilan bir qator to‘lov jarayonlarining soddalashuviga, jumladan, kartadan kartaga pul o‘tkazish va MDH davlatlarida to‘lovlarni amalga oshirish kabi jarayonlar osonlashtirilishi ko‘zda tutilmoqda. Umuman olganda, biz „Mir“ to‘lov tizimining dasturiy yechimini qabul qilish va joriy etish tarafdorimiz».

Uchrashuv yakunida MDH davlatlari to‘lov tizimlarining rahbarlari tomonidan to‘lov tizimlari texnologiyalarini takomillashtirish ishlarini rivojlantiruvchi kengash tuzilishi taklif etildi. Ushbu kengash to‘lov vositalarining to‘siqlarsiz xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash, milliy to‘lov kartalarini rivojlantirish, xizmat turlari va dasturiy yechimlarni o‘zaro yaratish hamda mahalliy boshqaruv organlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalarni yechish maqsadida faoliyat olib boradi.