Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Qo‘qon universitetini tashkil etish to‘g‘risida” qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Hujjat bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “Da Vinci” MChJning Qo‘qon shahrida davlat-xususiy sherikchiligi asosida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi Qo‘qon universitetini tashkil etilishi mumkin.

Qaror loyihasiga ko‘ra, universitet MChJ shaklidagi nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanib, ta’lim faoliyati 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi.

Ta’lim jarayoni o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda universitet tomonidan belgilanadi.

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan davlat namunasidagi diplom beriladi.

Oliy ta’lim muassasasiga Qo‘qon shahri, Turkiston ko‘chasi, 28-a uyda joylashgan Qo‘qon servis va tadbirkorlik kasb-hunar kollejining bino va inshootlari hamda unga tutash hududdan bepul foydalanish huquqi beriladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 7 iyulga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.