Davlat soliq qo’mitasi tomonidan “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini yanada erkinlashtirish hamda pul tushumlari ustidan jamoat nazoratini kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Loyihaga ko’ra, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlari onlayn NKM yoki virtual kassadan to‘liq foydalanishga o‘tgan taqdirda ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish majburiyati bekor qilinishi ko’zda tutilmoqda.

Shuningdek, onlayn NKM yoki virtual kassadan to‘liq foydalanishga o‘tgan tadbirkorlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olish, xizmatlar ko‘rsatish va xodimlar ish haqini (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va boshqa majburiy to‘lovlarni ushlab qolgan holda) berish maqsadlari uchun kunlik naqd pul tushumini to‘liq o‘z ixtiyorida qoldirish huquqiga ega bo‘ladi.

2020 yil 31 dekabrga qadar har bir kassa uchun onlayn NKM xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlari tadbirkorlik subyektlarining foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi yoki qat’iy belgilangan soliq to‘lovi hisobidan, biroq to‘lov muddatida amalda bo‘lgan eng kam ish haqining (bazaviy hisoblash miqdorining) 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytiriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqiladigan virtual kassa dasturiy mahsulotining bazaviy qismi bepul beriladi.

6 iyulga qadar havola orqali loyiha muhokamasida qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.