Vazirlar Mahkamasining “O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, respublika hududida 2019 yil 1 iyuldan boshlab hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish ixtiyoriy ravishda, 2020 yil 1 yanvardan boshlab esa barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun majburiy tartibda joriy etiladi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy axborot markazi" DUK elektron hisobvaraq-fakturalarni markazlashtirilgan holda saqlash, operatorlararo uzatish va hisobini yuritish bo‘yicha vakolatli rouming operatori etib belgilandi.

Prezident 2019 yil fevral oyining oxirida naqd pulsiz hisob kitob-qilish ko‘lamini kengaytirish, buning uchun elektron hisob-faktura tizimini tezroq joriy etish zarurligi ta’kidlagan edi.

Davlat soliq qo’mitasi “O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi loyihani muhokama uchun taqdim etdi.

Unga ko’ra, respublikadagi barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab joriy etilishi ko’zda tutilgan edi.

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hamda Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida hisobvaraq-fakturani tajriba tariqasida elektron usulda joriy etish yoʻlga qo’yilgan.