“Ipoteka-bank” o‘zgartiriladi va keyinchalik xususiylashtiriladi. Bu haqda “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankini o‘zgartirish va uni Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida keyinchalik xususiylashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar qarorida keltirilgan, xabar beradi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.

Qaror bilan, Ipoteka-bank faoliyatining mustaqilligini ta’minlash uchun 2020 yil oxirigacha quyidagilar amalga oshiriladi:

  • bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zoligiga ko‘rsatiladigan va tayinlanadigan nomzodlarni davlat organlari hamda ularning rahbarlari bilan kelishish tartibi Ipoteka-bankka tatbiq etilmaydi;
  • bank kuzatuv kengashining yangi tarkibi davlat organlari rahbarlarining ishtirokisiz shakllantiriladi va mustaqil direktorlar soni 5 nafarga yetkaziladi hamda Ipoteka-bank kuzatuv kengashi raisi mustaqil direktorlar orasidan saylanadi;
  • bank rahbariyati shakllantiriladi va bankning bozor amaliyoti standartlari va ehtiyojlari asosida ijro etuvchi organ a’zolarining mehnatiga haq kuzatuv kengashi tomonidan to‘lanadi;
  • loyihalarni bozor sharoitlaridan kelib chiqib kredit bilan ta’minlash va moliyalashtirish masalalari bo‘yicha qarorlar Ipoteka-bank tomonidan mustaqil qabul qilinadi;
  • Ipoteka-bank mablag‘larini tijorat tashkilotlari ustav kapitallariga investitsiya ajratish uchun bank faoliyatiga xos bo‘lmagan tarzda jalb qilish taqiqlanadi.

Ipoteka-bank ustav kapitalidagi davlat ulushi 2 oy ichida Moliya vazirligiga beg‘araz beriladi. 2022 yil oxirigacha bank ustav kapitalidagi davlat ulushi 50%dan kamaytiriladi.