Prezidentning “Baholash faoliyatini yanada takomillashtirish hamda past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish mexanizmlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Qarorga binoan davlat aksiyalari ular boshlang’ich savdoga qo’yilgan narxdan past nominal qiymatda sotiladi.

Shuningdek, xo’jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushlari 2019 yil 1 yanvar holatida jamiyat sof aktivlarining proporsional ulushiga teng boshlang’ich narxda ochiq savdolarga qo’yiladi.

Qarorga ko‘ra, baholash tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va baholovchilarni toifalash Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Ilgari mazkur faoliyat Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan litsenziyalangan.

2019 yil 1 avgustdan baholovchilar toifalab boriladi. Toifalash natijalari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi va Baholovchilar jamiyatining veb-saytlarida e’lon qilib boriladi.

2020 yil 1 yanvardan baholash tashkilotlarining reytingi joriy etiladi.