“ВЭБ.РФ” O’zbekistonga Rossiyaning yuqori texnologiyali mahsulotlarni yetkazib berishni qo’llab-quvvatlash doirasida kelgusi uch yil ichida Toshkentga 174 million yevro miqdorida kredit ajratadi, xabar beradi “РБК”.

Ajratilgan mablag’lar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin bo’lgan loyihalar qatorida Toshkent metropoliteniga poyezdlar yetkazib berish ham mavjud.

“Biz metro vagonlarini yetkazib berish bo’yicha pilot kelishuvi ortidan Toshkent shahriga rus texnologiyasini eksport qilish bo’yicha boshqa qiziqarli loyihalar amalga oshiriladi degan umiddamiz”, — dedi “ВЭБ.РФ” rahbari Igor Shuvalov.

Uning so’zlariga ko’ra, birinchi navbatda elektroenergetika va shahar atrof-muhiti infratuzilmasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuvalov elektr energetikasi sohasida ikkita loyiha uchun namunalar olish muvaffaqiyatli boshlangani, hamda xozirgi kunda loyihalar soni ko’payib borayotganini qo’shimcha qildi.

“ВЭБ.РФ” — Rossiya davlat rivojlanish korporatsiyasi. Asosan, iqtisodiyotni rivojlantirish bo’yicha loyihalarni moliyalashtiruvchi davlat investitsiya banki.