Buxoro davlat universitetida VATEL mehmonxona va turizm biznesi instituti o‘z ishini boshladi, xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Tegishli kelishuv Buxoro viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil aprel oyida Fransiyaga qilgan tashrifi chog‘ida imzolangan.

Institutda ta’lim jarayoni 2019−2020 o‘quv yilidan boshlab amalga oshiriladi.

“Marko Polo” o‘quv dasturi asosida ta’lim beriladigan mazkur institutda talabalar 2-bosqich davrida VATELning 59 ta shunga o‘xshash maktablaridan birida bir yillik tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi.

Vatel mehmonxona va turizm sohasidagi Fransiyaning eng yaxshi institutlaridan biri hisoblanadi. Maktab mehmonxona va turizm sohasida menejerlarni tayyorlaydi. Bugungi kunda institutning 35 mamlakatda 60ga yaqin filiali mavjud.