Spot yanvar oyida yozganidek, Saudiya Arabistonining Ajlan&Bros korporatsiyasi O‘zbekistonda tayyor tekstil buyumlar ishlab chiqarishni mo‘ljallagan edi. O‘shanda bosh direktor Nikolas Gilani boshchiligidagi delegatsiya “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasida muzokaralar olib borgan va qo‘shma investitsiya loyihalarida ishtirok etish masalalarini muhokama qilgan edi.

Spot bundan avval Gilanining mamlakatga birinchi tashrifidan keyin yozib olingan O‘zbekiston biznes muhiti to‘g‘risidagi taassurotlari, shuningdek, mamlakat istiqboli va muammolari haqidagi fikrlarini e’lon qilgandi.

1979 yili asos solingan Ajlan&Bros — tayyor tekstil buyumlar ishlab chiqaruvchi yetakchi xalqaro korxonalardan hisoblanadi. Umumiy sarmoyasi 2,2 mlrd $ bo‘lgan korporatsiya 10 dan ortiq dunyo brendlari, jumladan, Ferrari, Maserati, Aston Martin, Puma, Nike, Adidas, Reebok bilan hamkorlik qiladi.

Bunga qadar 2018 yilning iyunida Spot kompaniya paxta xom ashyosi va pillani qayta ishlash zavodiga 2 mlrd $ kiritish niyatida ekanini yozgan edi. O‘shandayoq kompaniya boshqaruvi raisi Ajlan Muxammad Abdulaziz kompaniya boshqa sohalar, masalan, Andijon hududida mehmonxonalar qurish va turizmni rivojlantirishni moliyalashtirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qilgan edi.

Ajlan&Bros Uzbekistan’ning sobiq bosh direktori Nikolas Gilani O‘zbekistonda biznes yuritishda xorijlik investorlar qanday qiyinchiliklarga duch kelishi haqida Spot’ga so‘zlab berdi.

Nikolas Gilani

Cyal Advisors (BAA) konsalting kompaniyasi asoschilaridan biri va boshqaruvchi hamkor, bundan avval — Ajlan&Bros Uzbekistan’ning bosh direktori, Abu-Dabi Milliy bankining investitsiya bankingi bo‘yicha boshqaruvchi direktori lavozimlarida ish olib borgan.

O‘zbekistonda biznes yuritishda xatarlar bor va bu bilan hukumat shug‘ullanishi lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va katta maslahatchilarining xayrli niyatlariga qaramay, joylardagi davlat organlarining (jumladan hokimliklarda) ko‘p vakillarida zamonaviy global biznes yuritish sohasida bilim yetishmaydi. Ularda xorijlik investorlar, ayniqsa g‘arb tadbirkorlari bilan hamkorlik qilish uchun piar va boshqaruv ko‘nikmalari kamlik qiladi. Ular shuningdek, xorijlik investorlarning qarash va fikrlashlarini oxirigacha tushunib yetmaydilar.

Avvaliga hokimliklar vakillari chet ellik sarmoyadorlar oyog‘i ostiga qizil gilamlar yozadilar va o‘zbekona izzat-ikrom ko‘rsatib, mehmon qiladilar. Biroq bunga javoban xorijliklar ularning hududiga tez investitsiya kiritishini kutadilar. Agar bunday bo‘lmasa, munosabatlar shu zahoti dushmanona tus oladi.

Bunday mansabdorlar g‘arbda investitsiyalar to‘g‘risida qarorlar qanday qabul qilinishi haqida juda sayoz tushunchaga egalar. Men bu borada Urganchda (Xorazm viloyatida) shaxsan to‘qnash keldim va bu voqea juda salbiy taassurot qoldirdi.

Urganch hokimligi vakillari biz investitsiya kiritish emas, balki bozor va texnik-iqtisodiy asoslarni o‘rgangani kelganimizni tushunganlaridan keyin munosabatlarini butkul o‘zgartirdilar. Ular qariyb adovatli va mudofaa mavqeini egallashdi.

Yana bir g‘alati ish — 2018 yilning dekabrida, prezident Hivadagi yangi vokzalni ko‘rishga kelganda, hokimiyat vakillari meni va boshqa xorijiy investorlarni pardalari yopilgan do‘konga olib borishdi. Bizga prezident va unga hamrohlik qilayotganlar o‘tib ketmagunlaricha, pardani ochmaslik lozimligini aytishdi.

Investorlar bilan muomaladagi ikkita asosiy to‘siq

Bularning barchasining sababi bor:

  • Birinchi navbatda til bilish masalasi. O‘zbekistondagi mansabdorlarning katta qismi ingliz tilini bilmaydi, biroq, hukumat inglizzabon investorlarni jalb etishga harakat qiladi (jumladan Janubiy Koreya va Yaponiyadan).
  • Ikkinchidan, xorijliklar bilan ishlamagan ayrim o‘zbekistonlik mansabdorlarda hanuz eskicha qarashlar hukmron. Ular chet elliklar O‘zbekistonni ekspluatatsiya qilishni istaydi, deb o‘ylashadi.

Biznes yuritish nuqtai nazaridan men g‘arb kompaniyalariga o‘z jamoalarini bittalab tanlab shakllantirish va uni bosh direktor orqali tekshirishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Mening holatimda jamoa shakllantirib bo‘lingan va menda bu xodimlar bilan ishlashdan boshqa chora qolmagandi, keyinchalik bu ishimning eng murakkab qismi bo‘lib chiqdi.

Jamoamning o‘zbekistonlik ishtirokchilari, kichik xodimlarni hisobga olmaganda, qaysar edilar, hamma narsani yomon qarshi olardilar va ba’zan mojaro keltirib chiqarardilar. Imkon topsalar, ko‘zimni shamg‘alat qilib, o‘z cho‘ntaklariga ishlashga, mening boshqaruvim maqsad-vazifalari va umuman xorijiy CEOning yaxshi niyatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilishga harakat qilardilar.

Shuning uchun mening tavsiyalarim quyidagilardan iborat:

  1. Mahalliy va xorijiy xodimlarni ishga yollash va bo‘shatishga vakolatingiz borligiga ishonch hosil qilmaguningizcha O‘zbekistonga kelmang. Bu imkoniyatsiz hech qanday holatda O‘zbekistonga kelish taklifini qabul qilmang.
  2. Xodimlar bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun imkon qadar tezroq HR-menejerni yollang, chunki kattaroq yoshdagi o‘zbekistonliklarni tushunish qiyin. Ular o‘z shahsiy manfaatlari yo‘lida xizmat lavozimini suiste’mol qilishlari mumkin va buning ustiga chet elliklar, ayniqsa G‘arbdan kelgan investorlar bilan ishlashga tayyor emaslar.
  3. O‘rta bo‘g‘indagi o‘zbekistonlik xodimning qarashiga ko‘ra, chet ellik faqat nominal rahbar va faol boshqaruv bilan shug‘ullanmasligi lozim.
  4. Yana takrorlayman, o‘z jamoangizni to‘plang va nomzodlarning salohiyati, shaxsiy sifatlari, ular mo‘ljallanayotgan lavozimga to‘g‘ri kelish-kelmasligini turli testlar yordamida aniqlang.
  5. O‘zbekistonlik aksariyat o‘rta bo‘g‘indagi menejerlarning g‘alati qarashlari bor, ular jamoaviy ishga tayyor emaslar. Agar ular birlashsalar-da, odatda buni chet ellik rahbarning vazifalarini bajarmaslik uchun qiladilar.

Bunday qarashlar mavjud bo‘lgani uchun ham O‘zbekistonga oz sonli hususiy investorlargina sarmoya kiritishni xohlaydilar. O‘zbekiston katta imkoniyatlarga ega, ammo, inson resurslari nuqtai nazaridan o‘rta bo‘g‘in xodimlarida quyidagi muammolar mavjud:

  • o‘zgarishlarga qarshilik ko‘rsatish;
  • mas’uliyatni o’z zimmasiga olishni istamaslik;
  • jamoaviy ishni pisand qilmaslik;
  • o‘z so‘zida turmaslik;
  • xizmat mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish (korrupsiya);
  • yetarli bilimga ega emaslik;
  • moliya, huquq va xalqaro investitsiyani yaxshi tushunmaslik.

O‘zbekiston uchun maslahatlar

O‘zbekistondagi biznes-muhitni yaxshilash va mamlakatga xorijiyinvestitsiyani jalb etish bo‘yicha tavsiyalarim:

  • O‘zbekistonda ish sharoitlarini modernizatsiyalash uchun dunyo miqyosidagi professionallarni jalb eting;
  • O‘zbekiston yoshlariga ko‘proq imkoniyat bering — ular eng yaxshilar qatorida;
  • ko‘proq yoshlarni ishga oling;
  • o‘rta bo‘g‘indagi o‘zbekistonliklarni ishga yollamaganingiz ma’qul, ular boshqaruvning eskirgan usullari bilan yo‘g‘rilgan;
  • rivojlanishga doimiy ravishda yosh xodimlarni jalb eting;
  • viloyatlar hokimliklarini O‘zbekiston manfaati yo‘lida bir millat sifatida ishlashga majburlang;
  • barcha bosqichlardagi korrupsiya ildizini quriting;
  • sovet davrining byurokratik qoldiqlarini bartaraf qiling;
  • bank tizimini isloh qiling — banklarda yuqori foiz stavkalari bor ekan, mamlakatga shu qadar zarur bo‘lgan investitsiya kelmaydi. Nega? Chunki xorijliklarda boshqa variant va boshqa mamlakatlar ham bor, u yerlarda ularni O‘zbekistonga qaraganda ancha yaxshi qabul qilishadi.

Hukumatga, xususiy biznesga va O‘zbekiston xalqiga murojaat qilishni istayman: men avvalgidek O‘zbekistonda ishlashni xohlayman. Mamlakatingizni yaxshi ko‘raman.

Men mamlakatga xorijiy sarmoyani jalb etishda hukumatga yordam berishga tayyorman va hozirning o‘zida ish boshlashim ham mumkin, biroq, bu safar faqat yaxshi tashkil etilgan tuzilmali to‘g‘ri kompaniyada.

Tahririyat muallifning fikrlariga qo‘shilmasligi mumkin.

Ajlan&Bros bilan muhokama qilingan loyihalar ishga tushganmi, yo‘qmi, xabar qilingani yo‘q. Spot kompaniya vakillariga savollar jo‘natdi, ammo, hozircha javob olmadi.

“O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasining axborot xizmatida Spot’ning so‘roviga javoban Ajlan&Bros loyihalari muhokama qilinayotgani va boshqa idoralar bilan kelishuvdan o‘tayotgani, “amalga oshirilishi haqiqatga yaqin ekanini” ma’lum qilishdi.