Toshkentda O‘zbekiston-Germaniya texnika universiteti tashkil etiladi.

Toshkent shahar hokimi va Berlindagi Shtaynbays nomli xususiy universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prezidenti tomonidan O‘zbekiston-Germaniya texnika universitetini tashkil etish masalasi ko’rib chiqildi, xabar beradi hokimlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda ta’lim qanday yo‘nalishlar va dasturlar asosida olib borilishi, bu jarayonga jalb qilinadigan mutaxassislar masalasi ham muhokama qilindi.

Hokim texnika sohasida yuksak malakali mutaxassislar qatori boshqaruvni biladigan va o‘z yo‘nalishida korxona ochish salohiyati va qobiliyatiga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash muhimligini qayd etdi.

Shtaynbays universiteti vakili bu borada ularda yaxshi tajriba yo‘lga qo‘yilgani, universitet talabasi bo‘lishni xohlagan abituriyentlar avvalo korxona-tashkilotlar bilan ma’lum bir istiqbolli loyiha bo‘yicha shartnomaga ega bo‘lishi lozimligi, oliy ta’lim dargohi esa ushbu loyihani takomillashtirish va hayotga joriy etishga har tomonlama yordam berishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Berlindagi Shtaynbays nomidagi xususiy universitet Myunxen texnika universiteti va Karlsrue texnologiya universiteti bilan hamkorlikda ishlashini qayd etib, O‘zbekiston tomoni bilan amalga oshiriladigan loyihada ulardagi samarali o‘quv dasturlari va ish tajribasidan foydalanish mumkinligini aytib o‘tdi.

Steinbeis Hochschule Berlin (“Berlindagi Shtaynbays nomidagi universitet”) — davlat akkreditatsiyasiga ega Germaniyadagi yirik xususiy universitet bo’lib, 1998 yilda tashkil etilgan va Vyurtemberg iqtisodchisi Ferdinand fon Shtaynbans nomini olgan.