Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Qaror bilan Qishloq xo‘jaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida xarid qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, qishloq xo‘jaligi korxonasi lizing tashkiloti yoki bankka qishloq xo‘jaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ariza beradi. Ariza 3 bank ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Lizing tashkiloti yoki bank tomonidan ijobiy xulosa qabul qilinsa, mazkur tashkilotlar lizing yoki kreditning 10% punktini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga buyurtmanoma yuboradi.

Lizing yoki kredit shartnomasi Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravarigacha bo’lgan foiz stavkasi bilan haydov traktorlari uchun 5−7 yil muddatga, chopiq, transport, bog’dorchilik traktorlari, uch va undan ortiq korpusli aylanma omochlar, hamda ko’p vazifali pnevmatik hamda mexanik seyalkalar uchun 3−5 yil muddatga rasmiylashtirilgan bo’lishi lozim.

Subsidiya faqat lizing yoki kredit shartnomasi tuzilgan kunda ishlab chiqarilgan muddati 1 yildan oshmagan yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ajratiladi.

Jamg‘arma subsidiya ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda bu haqida lizing tashkiloti yoki bankni 1 ish kunida xabardor qiladi.