Bozorlarda o’rnatilgan kameralar yordamida 10 iyul kunidan 16 iyulga qadar jami 864 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 525 mln 312 ming so‘m jarima belgilangan.

Bu haqda 16 iyul kuni Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo’lib o’tgan brifingda Toshkent shahar IIBB vakillari tomonidan ma’lum qilindi, xabar beradi Spot muxbiri.

Ilgari Spot 10 iyuldan Toshkentning bir nechta bozorlari yaqinidagi yo‘llar bo‘ylab to‘xtash va to‘xtab turish qoidalari buzilishini qayd etuvchi avtomatlashtirilgan foto va videokameralar ish boshlashi haqida xabar bergan edi.

Poytaxt hududidagi yirik bozor va savdo majmualari atrofida yo‘l-transport xodisalari va tirbandliklarni oldini olish bo‘yicha 4 dona aylanma kuzatuv videokameralari “Toshkent savdo markazi”, “Chilonzor buyum bozori” va “Karvon” bozorlariga o‘rnatilib, joriy yilning 1−9 iyul kunlari test tariqasida sinovdan o‘tkazilgan (8.240 ta qoidabuzarlik aniqlangan).

O‘rnatilgan kameralar 360 gradusga o‘girila oladi. Avtomobil mumkin bo‘lmagan joyda to‘xtagach, videokamera avtomatik tarzda (inson aralashuvisiz) vaqtni va “qoidabuzar” avtomobilning davlat raqamini qayd etadi.

10 iyuldan boshlab aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha chiqarilgan elektron qarorlarni manzillariga yetkazish uchun KAAT tizimi orqali O‘zbekiston Pochtasiga elektron tartibda yuborilishi yo‘lga qo‘yildi.