“Yunistrim” xalqaro pul o‘tkazmasi tizimini O‘zbekistonda joriy etilishiga doir kelishuvga erishildi. Bu haqda YUPM matbuot xizmati xabar berdi.

Unga binoan, Uzcard va Uzcard-UnionPay kobeydjing kartalariga Rossiya hamda MDH davlatlaridan pul o‘tkazmasini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

“Uzcard va „Yunistrim“ o‘rtasida hamkorlikka erishilgani, karta egalari uchun onlayn-tartibda pul o‘tkazmalarini qabul qilish imkoniyatini yaratdi. Endilikda, pul o‘tkazmasini qabul qilish uchun bankga borish ehtiyoji qolmadi. Pul mablag‘ini yuboruvchi shaxs Uzcard kartasining raqamini va egasining ism, sharifini bilishi kifoya”, — dedi YaUPM Bosh direktora Axror Maxmudov.

Uning so’zlariga ko’ra dollar, yevro va rubl pul birliklarini yuborish jarayoni komission to‘lovlarsiz amalga oshiriladi hamda avtomatik ravishda so‘mga konvertatsiya qilinadi.

Tizim xizmatlari bank va savdo shahobchalarida onlayn-tartibda mijozlar e’tiboriga havola etiladi.

“Yunistrim” xalqaro pul o‘tkazmasi tizimi 2001 yildan boshlab o‘z faoliyatini olib boradi va Rossiyada yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. “Yunistrim” tizimi orqali onlayn-tartibda hamda mobil ilova orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bugungi kunga kelib, 300 dan ortiq bank hamda chakana savdo tarmoqlari ushbu tizim xizmatlarini mijozlarga havola etib kelmoqda.