Davlat xizmatlarini olishda elektron raqamli imzodan foydalanish ixtiyoriy bo‘ldi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi ma’lum qildi.

Uzoq muddat mobaynida ijtimoiy tarmoqlarda elektron raqamli imzo (ERI) bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan. Aslida esa, murojaatni elektron shaklda yuborayotganda aynan ERI fuqarolarni shaxsini tasdiqlaydi.

Shuning uchun axborot xavfsizligini ta’minlash va shaxsiy identifikatsiya qilishning boshqa muqobil usullari mavjud emasligi sababli, Davlat xizmatlari markazlarida ERI kalitlarini taqdim etishi lozim edi. Ta’kidlash kerakki, xizmat uchun to‘lov ham belgilangandi.

Bundan tashqari, aholidan ERIni yo‘qotib qo‘yganligi (u fleshka yoki b. qurilmalarga yozib olinishi belgilangan) va uni olish uchun qayta murojaat qilish talabi yuzasidan ko‘plab norozi kayfiyatdagi e’tiroz va murojaatlar kun sayin ortib borayotgandi.

DXA aholi fikrini inobatga olgan holda qonunchilikka zarur o‘zgartishlar kiritilishini tashabbus etdi. Natijada, ERIni majburiy tartibda qo‘llashga doir talab bekor qilindi, tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.

“Albattta, Markazlar shaxsni identifikatsiya qilishning turli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo) bilan ta’minlangunga qadar ma’lum vaqt talab etiladi. Shunga qadar ariza beruvchilar tomonidan ERIni olish imkoniyati bo‘lmagan hollarda tegishli so‘rovnomalar qog‘oz ko‘rinishida chop etilib, ariza beruvchining imzosi bilan tasdiqlangandan so‘ng Markaz xodimlarining ERI bilan tasdiqlangan holda vakolatli organlarga yuborilishini ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, sudlanganlik (yoki sudlanmaganlik) hamda soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma’lumotnomalarni olish uchun endi ariza beruvchi bilan birga uning yaqin qarindoshlari ham (ota-onasi, eri yoki xotini va bolalari) ariza berishi mumkin.