18 iyul kuni energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan Xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ekspertlar, vazirlik va idoralar vakillari O‘zbekistonning elektr energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi loyihasini muhokama etdilar, xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O’zbekiston energetika sohasida xususiy sektor ishtirokida amalga oshiriladigan bir qancha loyihalar muhokama qilindi. Jumladan quyidagilar:

Quyosh energetikasi

Bugungi kunda O‘zbekistonda Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)ning ko‘magida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) hamkorligi doirasida Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilmoqda.

Uzoq istiqbolda XMK va OTBning tavsiyalari yordamida quyosh elektr stansiyalarining mavjud quvvatlarini DXSH tamoyili asosida 2000 MVtgacha (2 GVt) oshirish mo‘ljallanmoqda.

2030 yilgacha quyoshdan olinadigan energiya miqdorini 7000 MVtga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratilishi hisobga olingan holda magistral tarmoqlarni chuqur modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilmoqda. Bu ishlab chiqarish, shu jumladan, QTE loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish uchun sharoit yaratadi.

Shamol energetikasi

“Masdar” (BAA) kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy quvvati 500 MVt ga teng bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini G2G (government to government) tamoyili asosida qurish rejalashtirilgan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan shamol energiyasi sohasida DXSH loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Bug‘-gaz qurilmalari

XMK bilan birgalikda Sirdaryo viloyatida kombinatsiyalashgan tartibda ishlovchi umumiy quvvati 2600 MVt (grinfild) issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish uchun xorijiy investorlarni jalb qilish rejalashtirilgan.

“Mubadala” (BAA) kompaniyasi bilan hamkorlikda G2G (hukumatdan hukumatga) tamoyili asosida Tolimarjon IES loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hozirgi vaqtda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, Toshkent shahrida gaz ta’minoti va elektr energiyasini taqsimlash tarmog‘i boshqaruvi loyihasiga OTB maslahat xizmatini jalb etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.