Yaqinda Business Insider nashri dunyoning eng boy va omadli kishilari nima yeyishlari bilan qiziqdi. Ma’lum bo‘lishicha, Bill Geyts fastfudni juda yaxshi ko‘rar, Ilon Mask nonushta qilmas, Mark Sukerberg esa umuman yeguliklarga befarq ekan.

Iyun oyi boshlarida Telegram asoschisi, ko‘pdan beri nafsni tiyishning katta tarafdori bo‘lib kelgan Pavel Durov ovqatdan butkul voz kechishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Spot O‘zbekistondagi tadbirkorlar qanday yegulikni afzal ko‘rishlari va yaxshi faoliyat olib borish uchun nimalarga rioya qilishlarini o‘rganishga qaror qildi.

Alina Simerman

“ЧайКоф” qahvaxona tarmoqlarining boshqaruvchi hamkori

Yegulik haqida juda ko‘p gapirishim mumkin. Men hech qachon nonushta qilmayman, ba’zan tushlikdan ham voz kechaman. Hech qachon keragidan ortiqcha yemayman. Agar men o‘tirib, ko‘nglimdagidek ovqatlana olmasam, unda shunday vaqt va imkoniyat kelguncha ovqatlanmaslikni ma’qul ko‘raman.

Ko‘pincha oqshom 4−5 dan keyin og‘zimga ovqat olaman, ba’zan undan ham kechroq to‘yib ovqatlanaman. Kechasi palov yeyishim ham mumkin. O‘zbek taomlarini juda yaxshi ko‘raman: yog‘li palov, undan oldin dumbali jizza, xalim va xasipni xush ko‘raman, biroq, afsuski, ularni kam tanovul qilaman. Yana boshqa sevimli taomlarim — Hindiston va Janubiy Koreya oshxonasiga tegishli.

Uyda yiliga besh-olti marta ovqat tayyorlayman. Qolgan paytlar shaharda, asosan “ЧайКоф"da tamaddi qilaman. Hech qachon maxsus foydali yegulik yemayman. Taom odamga huzur bag‘ishlashi kerak, deb hisoblayman. Biroq, ko‘katlarni, sabzavot, mevalar, baliqni juda yaxshi ko‘raman, shakarni esa yoqtirmayman.

Ko‘k choyni juda yaxshi ko‘raman, uni har kuni ichaman. Kun davomida gazsiz suv, qahva va shakarsiz choy ichaman. Gazlangan ichimliklarga umuman qaramayman. Yozda ko‘p meva va tarvuz yeyman, o‘zimizning shaftoli, nok va anjir jon-dilim.

Pishloqni yaxshi ko‘raman, biroq eritilgani va filadelfiyani emas. Mening sevimli pishloqlarim: manchego, kamamber, kambozola, komte va gryuyer. Ular Toshkentda yo‘q, xorijdan olib kelaman. Yangi xom baliqni (sashimi) xush ko‘raman, shuningdek rollarni yeyman, yangi ustritsa va grilldagi turli dengiz jonivorlari ham sevimli taomlarimdan. Biroq bular faqat chet el safarlarida, O‘zbekistonda dengiz mahsulotlaridan o‘zimni tiyaman.

Kirill Altman

Brandbox Branding grafik dizayn agentligi va Days onlayn-magazini asoschisi va rahbari

Faqat suv va qahva ichaman. Har tongni bir finjon espresso bilan boshlayman. Sharbatlar, gazlangan, quvvat beruvchi, alkogolli ichimliklarni umuman ichmayman. Diniy, biologik yoki boshqa sababdan emas, shunchaki, ta’mi yoqmaydi.

Yaxshi nonushta, tushlik qilishga va kechqurun ovqatlanishga harakat qilaman. Biror taomni alohida ajratmayman. Onam, rafiqam tayyorlagan taomlarni, Italiya oshxonasini yaxshi ko‘raman. Sermaxsullik yegulik bilan bog‘liq.Yaxshi ishlashim uchun men doim nimadir yeyishim kerak. Shirinliklarni uncha yaxshi ko‘rmayman, unga befarqman.

To‘g‘ri ovqatlanish va vegetarianlik uchun xali yoshman, endi 31 ga kirdim. 40 yoshimda faqat bug‘langan va yarim xom ovqat yesam kerak, deb o‘ylayman.

Vyacheslav Kan

Torg.uz (hozir OLX.uz) va MyWay kasbiy yo‘nalish markazi asoschisi

Men sog‘lom ovqatlanish borasida yaxshi namuna emasman. Nimani xohlasam, shuni yeyman va jadvalga qat’iy rioya qilmayman. Agar ulgurmasam, ishdan ajralmagan holda biron nima tamaddi qilib olishim yoki shunchaki yogurt ichishim mumkin. Kech soat oltidan keyin ovqat yemayman, deb maqtana olmayman.

Men shinavanda emasman va yegulik bo‘lmasa qiynalmayman. Ertalab qahva ichish odatim bor. Koreys milliy oshxonasi o‘z ta’sirini o‘tkazadi: odatda uyimizda bir necha xil salat bo‘ladi.

Rafiqamdan omadim kelgan, u juda yaxshi tayyorlaydi, qo‘li shirin. Ko‘pincha, bizni nafaqat Koreya ovqatlari, balki pishiriqlar, shuningdek, hammamiz yaxshi ko‘radigan o‘zbek taomlari bilan siylaydi. Shuning uchun menga uyda, oilam davrasida ovqatlanish ko‘proq yoqadi. To‘g‘ri oilaviy kechki ovqatlanish bizda odatda uzoq vaqt davom etmaydi.

Shu bilan birga do‘stlar davrasida yoqimli va bamaylixotir kechki ovqatlar ham bo‘ladi. Ovqatlanayotganingda yoningda dilga yaqin insonlar bo‘lishi juda muhim. Dilkash suhbatlar bilan taomlar ham yanada mazali bo‘ladi.

Anastasiya Uxanova

Granat, Be Trendy magazinlari asoschisi va Room 5 qahvaxonasi asoschilaridan biri

2011 yilgacha men hamma kabi ovqatlanardim, biroq, keyin ma’lum sabablarga ko‘ra vegetarian bo‘lib qoldim. Menga ikki xil ovqatlanish o‘rtasidagi farq shunchalik yoqib qoldiki, go‘shtli taomlardan uzil-kesil voz kechdim. To‘g‘ri ovqatlanish bilan qiziqa boshladim, jamiyatda bu borada yuzaga kelgan ko‘plab stereotiplarni anglab yetdim. Hozir bu masalada o‘z munosabatlarim bor.

Yozda men deyarli mevaga o‘tib olaman. Kun bo‘yi faqat meva yeb yurishim mumkin. Yilning sovuq davrida, albatta, issiq ovqat yeyman. Kechqurun o‘zimga go‘shtsiz sho‘rva, bo‘tqa va boshqa shunga o‘xshash taomlar qaynataman. Kunduzlari mening taomnomam tuzlama yoki yangi salat va qaynatilgan kartoshkadan iborat bo‘lishi mumkin. Nonushtaga esa mevalar.

Oilamizda anchadan beri sosiska-kolbasa kabilar yo‘q. Erim go‘shtni yaxshi ko‘radi. Men uning tanlovini xurmat qilaman va oqshomlari uning uchun go‘shtli taom tayyorlayman. Ovqat pishirishni yaxshi ko‘raman va imkoniyatimga qarab nimadir mazali, tansiq taom tayyorlashga harakat qilaman. To‘g‘ri, bu oilada hammaga ham kerak emas. Chunki, mening farzandlarim juda oddiy ovqatlanishadi. Ular ham vegetarian, odatdagi yeguliklardan faqat kartoshka, grechka, loviya, no‘xat yeyishadi. Ularning taomnomasi asosi yangi meva-sabzavotlar. Erim ham asosan qovurilgan go‘sht va yangi salatni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun tansiq taomlarni faqat mehmonlar kelganda tayyorlayman.

Shoxruh Qayumov

Fratelli Casa va Uzbtextile asoschilaridan biri

Har kuni tongda men asal, limon va zanjabilli suv ichaman. Bu immunitetni ko‘taradi va qon quyulishidan asraydi. Tvorog, yong‘oq, pishloq, tostlar, sariyog‘ va qahva — bu nonushta taomnomasi mana besh yildirki o‘zgarmaydi.

Tushlikda hamma narsani yeyishim mumkin. Kechki dasturxonda doim men uchun suyuq ovqat va salat. Mevalardan faqat olmani yaxshi ko‘raman, boshqa mevalarni kam yeyman.

Mening qoidam bor: yog‘li ovqat iste’mol qilmayman, ko‘proq suyuqlik ichaman va non yemayman. Men gastroenterologning o‘g‘liman, shuning uchun oyimga quloq solishga harakat qilaman. Biroq, ba’zan bu juda qiyin bo‘ladi. O’zimni choyxona kuni siylayman.

Marina Ten

Aiko mebel kompaniyasi va Kimchi Plate panaziat oshxonasi kafesi asoschisi

Men koreysman, shuning uchun mening taomnomamda guruch (pabi) va kimchi asosiy o‘rin tutadi. Baqlajon va tovuq sho‘rvani juda yaxshi ko‘raman. O‘zbekistonning milliy taomlaridan Samarqand palovi — zig‘irosh jon-dilim. Choyni faqat o‘zimizning limonlar bilan ichaman, asosiy ichimligim — qahva.

Dam olish kunlari biz oilamiz bilan biror restoranga boramiz. Oddiy kunlar o‘z qahvaxonamda ovqatlanaman. Kuniga uch mahal ovqatlanishga harakat qilaman. Har doim ham nonushta qilmayman, biroq tushlikni hech unutmayman. Kechki ovqatni uyda qilamiz, aniqrog‘i, ko‘proq biror tadbirda bo‘lamiz. Haftasiga uch-to‘rt marta bizda tug‘ilgan kun, yilliklar, yubileylar bo‘lib o‘tadi. Ba’zan uydan tashqarida do‘stlar bilan kechlik qilamiz.

Mening stolim oyim va buvimning dasturxoni taomnomasidan uncha farq qilmaydi. Biz an’anaviy yeguliklarni saqlaganmiz, umuman koreys oilalarining 90% dasturxoni qariyb bir xil. Turmush o’rtogim men o‘z oilamda tanovul qilgan taomlarni yeb katta bo‘lgan. Hatto onam va erimning onasi oilasini oladigan bo‘lsak — taomnoma bir xil.

RoboKidz maktabi asoschilaridan biri, Mirzo Ulugbek Innovation Center innovatsiya markazi direktori

Men kuniga uch marta — ertalab, tushda va kechqurun ovqatlanishga harakat qilaman. Yog‘sizroq ovqat tanlayman, go‘shtlardan asosan tovuq va baliq. Ertalablari bir finjon latte ichishni yaxshi ko‘raman.

Bir o‘zim kamdan-kam tushlik qilaman, asosan do‘stlarim bilan birga bo‘laman. Ba’zan tushlik vaqtida amaliy uchrashuvlar o‘tkazaman. Oqshomlari oilam davrasida kechki dasturxon atrofida ovqatlanishni hush ko‘raman. Yakshanba kunlari bolalarim bilan fastfud yeyishimiz mumkin. Yana men milliy taomlarsiz birorta o‘zbek bir haftadan ortiq chiday olmaydi, deb hisoblayman.

Nodira Vohidova

Fiori gul do‘koni ta’sischilaridan biri, Jazira Educationning boshqaruvchi hamkori

Bir yarim yil avval men sog‘lom turmush tarziga o‘tish bilan bog‘liq do‘stona battlda qatnashdim va o‘shanda mening taomnomam o‘zgardi. Uch oy davomida kaloriya bo‘yicha hisoblangan besh marta ovqatlanish uchun tayyor porsiyali yegulik yedim. Keyin oddiy stolga o‘tdim, hozir hamma yeguliklarni yeyaveraman, faqat kamroq miqdorda.

Ichimliklardan suvni afzal ko‘raman, ko‘k choy, qahva ichgan vaqtlarim bo‘ladi. Gazlangan ichimliklar, quvvat beruvchi suvlarni ichmayman — shakari ko‘p. Shirinlik, yog‘li, hamir ovqatlarni kamroq yeyishga harakat qilaman. Men suli yormasi yemayman, nonushtada tuxum qovurdoq, sosiska va buterbrodlar tanovul qilishim mumkin. Beshbarmoq ham, palov ham yeyman biroq haftasiga bir martadan ko‘p emas. Mening asosiy qoidam — kichik porsiyadagi bo‘laklarga bo‘lingan ovqatlanish, chunki aslida ham biz o‘zimiz o‘rganganimizga qaraganda kam miqdordagi yegulik yeb ham to‘yishimiz mumkin.