Innovatsion rivojlanish vazirligi Venchur Capital Invest kompaniyasi bilan innovatsion loyihalar va startaplarni moliyalashtirish borasida hamkorlik qilishga kelishdi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Memorandum doirasida tomonlar qo‘shma innovatsion loyihalar va startaplarni amalga oshirish sohasida hamkorlik qiladilar.

Shuningdek, investitsion faoliyat va venchur moliyalashtirishni rivojlantirish, birgalikda tadqiqotlar va ishlanmalar olib borish ham hamkorlikning uzviy qismi bo‘ladi.

Bundan tashqari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun tajriba, mutaxassislar va tadqiqotchilar bilan o‘zaro almashish, tadqiqotlar, innovatsiyalar va venchur moliyalashtirishlar sohasida kadrlarni o‘qitish va tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.

Mazkur hamkorlik innovatsion g‘oyalar, startaplar, venchur loyihalarni moliyalashtirish, ilmiy-texnik ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq qilishni tezlashtirish va innovatsion mahsulotlarni xalqaro bozorga chiqarish tizimining barqaror zanjirini yaratish va rivojlantirishga qaratilgan.