O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda dasturiy mahsulotlar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash doirasida qator kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, ikki mamlakat AKT vazirliklari o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi hamda sohadagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha Yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kirishildi, xabar beradi AKT vazirligi matbuot xizmati.

EPAM Systems kompaniyasi bilan kelishuv doirasida AKT sohasidagi talabgir yo‘nalishlarda talabalar uchun masofaviy ta’lim kurslarini joriy etish belgilandi. Istiqbolda EPAM Systems kompaniyasida ishlash imkoniyati yaratilgan holda dasturning iqtidorli bitiruvchilarini kompaniya ofisida amaliyot o‘tash uchun jalb qilish to‘g‘risida ham kelishuvga erishildi.

Giprosvyaz OAJ bilan imzolangan memorandumga ko‘ra, qo‘shma loyihalash va tadqiqot ishlarini olib borish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarida standartlashtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Xususan, DAB+ standartidagi raqamli radioeshittirishga o‘tish uchun radiochastota polosalarini qayta rejalashtirish va foydalanish samaradorligi masalalarini o‘rganish rejalashtirilgan.

“Exadel Belarus” kompaniyasi bilan dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va amaliy kompyuter dasturlash tizimlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha Toshkent shahrida kompaniya filialini ochish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

“ITTAS” kompaniyasi bilan imzolangan memorandum axborot xavfsizligi sohasida qo‘shma loyihalarni tayyorlash va hamkorlikdagi axborot xavfsizligi laboratoriyasini yaratish imkoniyatini beradi.

“Совершенные системы” kompaniyasi bilan esa zamonaviy axborot xavfsizligi tizimlarini o‘rganish va loyihalash bo‘yicha SoverSys-TUIT o‘quv-amaliy markazini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan kompaniyalarni kelgusida O‘zbekistonga jalb qilish va ularni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki (IT-park) rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi o‘rganilmoqda.