Hukumat qarori bilan mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, xabar beradi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.

Nizomga ko‘ra, mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotni eksport qilishda temir yo‘l transportida tashish bo‘yicha xarajatlarining 50%igacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanishi tartibi belgilandi.

Eksportni rag‘batlantirish agentligi manfaatdor subyektlarga kompensatsiya taqdim etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Shuningdek, manfaatdor subyektlar eksport qilgan mahsulotlari bo‘yicha transport xarajatlarining 50%igacha qismiga kompensatsiya olish uchun ariza topshirish huquqiga ega.

Hujjatlar to‘liq taqdim etilganda vakolatli organ tomonidan arizalar 7 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.

Moliya vazirligi vakolatli organ buyurtmanomasiga asosan 3 ish kunida davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini vakolatli organga, vakolatli organ esa ushbu mablag‘ni 3 ish kuni mobaynida manfaatdor sub’ektning bankdagi hisob raqamiga o‘tkazib beradi.