Prezident ayrim tarmoq hamda hududlarda mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilganini tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

“Shuncha sharoit yaratyapmiz, texnologiyalar olib kelyapmiz. Joylardagi rahbarlar esa o‘zini qiynamay, mahalliylashtirish ustida ishlash o‘rniga osongina import qilishga o‘rgangan”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonda molibdenning 1,1%i, tabiiy gazning 12%i, ruxning 21%i, misning 25%i, meva-sabzavotlarning 20%i, ip-kalavaning 46%i qayta ishlanmoqda, xolos.

Agar bu xomashyolar chuqur qayta ishlansa, qo‘shilgan qiymatni 5 baravargacha oshirish mumkinligi qayd etildi.

Vazirlar Mahkamasiga barcha tarmoq va hududlar korxonalarida mahalliylashtirilgan tovar ishlab chiqarish hajmini kelgusi ikki yilda kamida 20%ga oshirish, import ulushi yuqori bo‘lgan tovarlarni mahalliylashtirish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.