Transport vazirligi tomonidan xalqaro miqiyosda yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga ko‘p tomonlama ruxsatnomalar (Dazvol) berish yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali taqdim etilishi yo‘lga qo‘yildi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

“Endi respublikaning istalgan hududidagi tadbirkorlar onlayn tarzda o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda arizalarni elektron tarzda jo‘natishlari mumkin. Bunda ularning vaqti tejaladi, ortiqcha ovoragarchiliklarga barham beriladi. Eng muhimi esa turli xil korrupsion holatlarning oldini olishga erishiladi. Tizim to‘lig‘icha shaffof faoliyat ko‘rsatib, inson omili mutlaqo jarayonda ishtirok etmaydi”, deyiladi xabarda.

Arizalarning holatini istalgan hududdan turib onlayn kuzatib borish imkoni mavjud. Foydalanuvchilar o‘z shaxsiy kabinetlari orqali balansidagi pul mablag‘lari qoldig‘i to‘g‘risida, olingan hamda ishlatilgan ruxsatnomalar haqidagi ma’lumotlarni, shuningdek, solishtirma dalolatnomalarni ham olishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, hozirda vazirlik tomonidan xalqaro litsenziyaga ega bo‘lgan milliy tashuvchilarning elektron bazasi to‘liq shaklantirish ishlari yakunlanish arafasida. Ushbu jarayon nihoyasiga yetgach ayni damda sinov tariqasida ishlayotgan tizim to‘laqonli ravishda faoliyat ko‘rsatishni boshlaydi.

Xalqaro avtomobilda tashishga xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizalar ular olingan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi. Arizalar uchun undiriladigan davlat boji bazaviy hisob-kitob narxining 4/1 qismi ya’ni 55 750 so‘mni tashkil etadi.

Vazirlikda xorijiy ko‘p tomonlama ruxsatnomalar sotish holatlariga guvoh bo‘linganda Transport vazirligining (71) 202 22 55 yoki 1167 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali ushbu holatlar bo‘yicha ma’lumot berish so‘raldi.