Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi sohaga oid eng yaxshi biznes gʻoyalarni moliyalashtiradi, xabar beradi qo’mita matbuot xizmati.

Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi farmoniga binoan Qoʻmita tomonidan har yili “Turizm sohasidagi biznes gʻoyalar fabrikasi” festivali tashkil etiladi.

Ta’kidlanishicha, biznes gʻoyalar innovatsion yechimga ega zamonaviy turistik mahsulotlarni yaratishga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak. Kelib tushayotgan barcha takliflar tahlilidan keyin festivalning eng yaxshi loyihalar boʻyicha gʻoliblari aniqlanadi.

Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan turizm uchun innovatsion biznes g‘oya va startaplarni amalga oshirish maqsadida loyiha tashabbuskorlariga loyiha qiymatining 30%i, lekin 100 mln so‘mdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi.

Mazkur chora mamlakat hududlarining salohiyatidan kelib chiqib, yangi turistik mahsulotlarni yaratish hamda turistik xizmatlar eksportini oshirish imkonini berishi kutilmoqda.