Prezident 14 avgust kuni bo’lib o’tgan yig’ilishda narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotlarida keltirilgan.

Dastlabki 6 oyda inflyatsiya 5,6%ni tashkil qilib, prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmagan. Lekin tariflar va narxlar bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga o‘tayotgani bois mutasaddilarga inflyatsiya o‘sishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi.

Ilgari Spot xabar berganidek, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, unga Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalari biriktirildi.

Yig‘ilishda ushbu yangi tizimni joylarda joriy etish orqali keng aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligi va daromadini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Sanoatning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

“Oxirgi bir yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ulushi 26%dan 30%ga yetgan bo‘lsa-da, bu biz boshlagan islohotlar ko‘lamiga nisbatan hali yetarli emas”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil oxiriga qadar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 25 ta, “O‘zeltexsanoat"da 18 ta, “O‘zavtosanoat"da 7 ta, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 5 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushirilishini jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Qariyb 100 xil turdagi kundalik iste’mol tovarlarini sanoat kooperatsiyasi orqali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, korxonalar bilan manzilli ishlab, ularning quvvatini oshirishga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi.